MUNOSIB AKSIYANING MUNOSIB YAKUNI

MUNOSIB AKSIYANING MUNOSIB YAKUNI

04.11.2014 0 fikrlar | 458 ko'rilgan

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida «Ingliz tilini ota-ona bilan o‘rganamiz» deb nomlangan bir oylik o‘quv-ma’naviy aksiyasining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda Britaniyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Jorj Edgar, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov, O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi raisi Mark Krossi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi «Chet tillarini o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi direktori Behzod Ochilov hamda loyihaning barcha tanlovlarida munosib ishtirok etib poytaxtimizning 3 ta maktabidagi 3000 ga  yaqin boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ichidan g‘olib deb topilgan bolajonlar va ularning ota-onalari ishtirok etdilar.

Jorj Edgar, Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi: — Yaqinda yurtingizning ulug‘ allomalaridan biri Ibn Sino yozib qoldirgan «Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir» hikmatli so‘zini o‘qib qoldim. Shaxsan men oktabr oyi davomida o‘tkazilgan «Ingliz tilini ota-ona bilan o‘rganamiz» tadbirlari yakunida  ana shu hikmatli so‘zning naqadar to‘g‘ri ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim, deb ayta olaman. Butun loyiha davomida bolajonlarning o‘z ota-onalari bilan birgalikda ingliz tilini o‘rganib, bu boradagi bilimlarini mustahkamlashga astoydil harakat qilganliklari bugun nafaqat meni, o‘ylaymanki, yakuniy tadbirimizga yetib kelgan barcha-barcha mehmonlarni ham birdek quvontirmoqda. Albatta, bunday tadbirlarni tashkil etishda, erishilayotgan natijalar va bolajonlarda chet tilni o‘rganishga qiziqish paydo bo‘lishida ota-onalarning o‘rni juda katta. O‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, bolaning kichik yoshdan xorijiy tilni o‘rganishi uning kelgusidagi intilish va maqsadlariga tamal toshi qo‘yishda muhi rol o‘ynaydi. Biz rafiqam bilan 2 nafar o‘g‘limni tarbiyalayotganimizda ham ularning til o‘rganishiga katta e’tibor qaratdik. Ularga xitoylik enaga yolladik. Buning natijasi o‘laroq, farzandlarim ham rus tili, ham ingliz tili, ham xitoy tilini birdek o‘rganishga muvaffaq bo‘ldilar. Britaniya Kengashi bilan birgalikda tashkil etgan loyihamiz ham  o‘zbekistonlik bolajonlar va ularning ota-onalari uchun ana shunday foyda berdi, deb ishonib qolamiz.

muxtor_elchi_1

Huddi shuningdek, loyihaning yakuni sanalgan yopilish tadbirida bir hafta davomida o‘tkazilgan «Ota-onalar bilan birgalikda chizamiz» hamda «Birgalikda kuylash maroqli» tanlovlarining g‘oliblari aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan ularga esdalik sovg‘alari topshirildi

Zaytuna Nosirova, «Ota-onalar bilan birgalikda chizamiz» tanlovining 1-o‘rin sohibasi:

Men ushbu tanlovda g‘olib bo‘lganim uchun onajonimdan minnatdorman. Bizning birgalikda chizgan suratimiz barcha suratlar ichida «Eng yaxshisi» deb topilganidan xursandman. Menga sovg‘a sifatida planshet, ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha kursning sertifikati va rasm chizishda kerak bo‘ladigan turli buyumlarni taqdim etishdi. Onam ham men kabi juda xursand bo‘ldilar. Endi tengdoshlarim bilan birgalikda ingliz tilini yaxshiroq o‘rganib kelajakda tarjimon bo‘lib ishlamoqchiman.

Ta’kidlash kerakki, oylik davomida 3 ta sinov maktablarida bolalar va ularning ota-onalari uchun qiziqarli darslar, xilma-xil interfaol o‘yinlar tashkil etilishi bilan bir vaqtda ular uchun uyda va darsdan tashqarida ingliz tili bilan shug‘ullanish bo‘yicha amaliy treninglar ham o‘tkazilgan edi. Aynan ana shu treninglarning yakunida Xalq ta’limi vazirligi hamda loyihada faol ishtirok etgan maktablarga Britaniya Kengashi, Macmillian Bookshop savdo belgisi tomonidan ingliz tilini oila davrasida o‘rganish uchun maxsus kitoblar ham taqdim etildi. Yopilish marosimidan o‘rin olgan bayram dasturiga estrada yulduzlarining chiqishlari yakun yasadi.

Do'stlaringiz bilan bo'lishing!Email this to someoneShare on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on LinkedInShare on VKPrint this page

Hozircha fikr bildirilmagan

Fikringizni bildiring!

Hozircha fikr bildirilmagan!

Maqola haqida fikringizni bildiring.

Ma'lumotlaringiz ishonchli qo'llarda!Email manzilingiz va shaxsiy ma'lumotlaringiz hech kimga ko'rsatilmaydi.