O‘zbekistonda eng yaxshi chet el OTMlarining diplomlari maxsus sinovlarsiz nostrifikatsiyalanadi

O‘zbekistonda eng yaxshi chet el OTMlarining diplomlari maxsus sinovlarsiz nostrifikatsiyalanadi

11.04.2017 0 fikrlar | 608 ko'rilgan

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori (pdf) bilan Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni  tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

Hujjatga muvofiq, xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarning to‘liq o‘rta (to‘liqsiz o‘rta, o‘rta) ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalarida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.

10 va 11-sinf bitiruvchisining ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlari tegishli ravishda akademik litseyning 1 va 2-bosqichini tugatganligiga hamda 12 va undan yuqori sinf bitiruvchisining hujjatlari o‘rta maxsus ma’lumotga tenglashtiriladi.

Xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta ta’lim va to‘liq o‘rta (to‘liqsiz o‘rta, o‘rta) ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish tegishli komissiyalar tomonidan ariza va ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi, uning notarial tasdiqlangan davlat tilidagi tarjimasi asosida murojaat qilingan kundan boshlab eng ko‘pi bilan ikki hafta muddatda amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash quyidagi hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) amalga oshiriladi:

  • O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Prezident hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qaror, farmoyish va bayonnomalari asosida xorijiy davlatlarda ta’lim olgan;
  • Prezident hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan O‘zbekiston hududida faoliyat yuritishiga ruxsat etilgan xorijiy davlatlarning OTMlarida ta’lim olgan;
  • mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajrtilgan kvotalar (grantlar)ga muvofiq tasarrufida OTMlar bo‘lgan vazirlik va idoralarning yo‘llanmalari asosida ta’lim olgan;
  • xalqaro tan olingan tashkilotlarning OTMlari reytingida birinchi 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda DTMning qo‘shma qarori bilan har yili ro‘yxati tasdiqlanadigan OTMlarda ta’lim olgan bitiruvchilarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari.
Do'stlaringiz bilan bo'lishing!Email this to someoneShare on FacebookShare on Google+Tweet about this on TwitterShare on LinkedInShare on VKPrint this page

Hozircha fikr bildirilmagan

Fikringizni bildiring!

Hozircha fikr bildirilmagan!

Maqola haqida fikringizni bildiring.

Ma'lumotlaringiz ishonchli qo'llarda!Email manzilingiz va shaxsiy ma'lumotlaringiz hech kimga ko'rsatilmaydi.