BOKU SLAVYAN UNIVERSITETIGA TASHRIF AMALGA OSHIRILDI
04.02.2026O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti vakillaridan iborat delegatsiya Boku Slavyan universitetiga tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, akademik hamda ilmiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida e’tirof etildi.


Delegatsiyani Boku Slavyan universiteti rektori Anar Nagiyev boshchiligidagi universitet jamoasi iliq va samimiy ruhda kutib oldi. Uchrashuvlar davomida o‘zaro hurmat, ochiq muloqot va konstruktiv hamkorlik muhiti hukm surdi.
Tashrif doirasida Boku Slavyan universiteti rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’lim jarayonini tashkil etish, ko‘p tilli ta’lim modeli, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Tomonlar oliy ta’lim sohasida tajriba almashish, akademik mobillikni rivojlantirish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Uchrashuv yakunida akademik mobillikni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatida hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida malaka oshirish va tajriba almashish, ko‘p tilli ta’lim modelini rivojlantirish, shuningdek, o‘zbek tilini xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish va targ‘ib etish masalalarini qamrab olgan hamkorlik memorandumi imzolandi.


