Bugun, 9-fevral – buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi keng nishonlanmoqda.

1441-yil 9-fevral kuni Hirot shahrida dunyoga kelgan Alisher Navoiy o‘zining betakror adabiy merosi, chuqur falsafiy qarashlari va davlatchilik faoliyati bilan o‘zbek xalqi hamda butun jahon ma’naviy taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shdi. Uning g‘azal va dostonlarida ezgulik, adolat, insoflik va insonparvarlik g‘oyalari yuksak badiiy mahorat bilan ifodalangan.
Navoiy merosi — bu faqat adabiyot emas, balki komil insonni tarbiyalashga xizmat qiladigan buyuk ma’naviy maktab bo‘lib, u asrlar davomida o‘z ahamiyatini yo‘qotmasdan kelmoqda.
Alisher Navoiy ijodi 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan va butun dunyoda o‘rganilmoqda. Uning asarlari Sharq adabiyoti gultoji bo‘lib, G‘arb olimlari tomonidan ham e’tirof etilgan.
Navoiy asarlari asrlar osha ma’naviyatimizni yuksaltirib kelmoqda. Uning so‘zi bugun ham tafakkurimizni teranlashtirib, qalblarni ezgulikka chorlaydi.






