ERASMUS+ MOBILLIK LOYIHASI DOIRASIDA PROFESSOR-O‘QITUVCHILAR VA TALABALAR ALMASHINUVI AMALGA OSHIRILMOQDA

26.02.2026

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda 1 Decembrie 1918 University of Alba Iulia (Ruminiya) o‘rtasida 2019-yilda imzolangan hamkorlik memorandumi asosida Erasmus+ KA171 akademik mobillik loyihasi doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida shu kungacha 5 nafar professor-o‘qituvchi hamda 4 nafar talaba almashinuvi muvaffaqiyatli tashkil etilgan.

Hamkorlik doirasida doktorant Ismet Dilaver O‘zDJTUga tashrif buyurdi. U Erasmus+ dasturi asosida Yevropaning turli davlatlarida sakkiz marotaba akademik faoliyat olib borgan bo‘lib, mazkur tashrif uning Markaziy Osiyo mintaqasiga ilk safari hisoblanadi.

Tashrif davomida tadqiqotchi universitetda Amerika adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha bir oy mobaynida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. Shuningdek, iqtidorli talabalar, magistrantlar, doktorantlar hamda professor-o‘qituvchilar uchun seminar mashg‘ulotlari tashkil etib, o‘z tajribasi va ilmiy qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuv doirasida universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov doktorantning bosniyalik ekanligini inobatga olib, bosniya va shu kabi qardosh tillarni uchinchi xorijiy til sifatida o‘qitish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, Bosniya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.

Mazkur hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan akademik almashinuvlar universitetda xalqaro tajriba va ilmiy muloqot ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.