FRANSIYA ELCHIXONASI VA PUATE UNIVERSITETI VAKILLARI O‘ZBEKISTON DAVLAT JAHON TILLARI UNIVERSITETIGA TASHRIF BUYURDI
07.02.2025O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Madaniyat va hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Serj Bellini, Fransiyaning Puate universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘yicha vitse-prezidenti va Fransuz universitetlari konsorsiumi rahbari Stefan Motte hamda Puate universiteti Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Karolin Belan-Menade xonim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida tashkil etilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston-Fransiya universiteti Lingvistika (fransuz tili) magistratura mutaxassisligi o‘quv reja dasturlarini hamkorlikda ishlab chiqish, Puate universiteti bilan turli sohalarda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Stefan Motte 2025-yil mart oyida O‘zbekiston Respublika Prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston-Fransiya universiteti faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi, 2025/2026 o‘quv yili sentyabr oyidan fransiyalik mutaxassislar tomonidan tanlab olinadigan O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda tayyorlov kurslari tashkil etilishi, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab esa magistraturaga qabul boshlanishini ma’lum qildi. Shuningdek, mazkur universitet magistratura bosqichi bitiruvchilari orasidan Fransiya OTMlari doktoranturasiga talabalarni saralab olish va yuborish rejalashtirilganini aytib o‘tdi.


Universitet faoliyati, fransuz tili o‘qitilish holati haqida mehmonlarga ma’lumot berildi va Puate universiteti bilan almashinuv dasturlarini amalga oshirish, O‘zDJTU fransuz tili o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari uchun Fransiya OTMlarida malaka oshirish kurslari, stajirovka dasturlarini tashkil qilish, xalqaro loyihalar, jumladan Yevropa Ittifoqi Erasmus+ dasturi loyihalarida ishtirok etish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Motte janoblarining ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekiston-Fransiya universiteti faoliyatini takomillashtirish va professor-o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha Puate universiteti tomonidan O‘zbekiston va Fransiya universitetlari ishtirokidagi Erasmus dasturi loyihasi ishlab chiqilayotganligini aytib, O‘zDJTU ushbu loyihani qo‘llab quvvatlashi, shartnomani ko‘rib chiqib imzolashini iltimos qildi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Fransiya universitetlari, xususan Puate universiteti bilan aloqalarni kengaytirishga doim tayyorligini ta’kidlab, hozirgi kunda Puate universiteti bilan Erasmus dasturi doirasidagi Xalqaro kredit mobillik loyihasi ma’qullanganligini ma’lum qildi. Shuningdek, mavjud loyihalar bilan cheklanib qolmasdan Jean Monnet va Capacity Building loyihalarini hamkorlikda ishlab chiqish va taqdim etish maqsadga muvofiqligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Serj Bellinining O‘zbekistondagi Fransiya elchixonasi va Fransuz Alyansi tashkilotining o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishda ko‘maklashishiga ishonch bildirdi.
Har ikkala tomon hamkorlikka ochiqligi va birgalikda yaxshi natijalarga erishish mumkinligini e’tirof etdi.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.