INDONEZIYA HAMKORLIGIDA ILK QO‘SHMA MALAKA OSHIRISH KURSI AMALGA OSHIRILDI
13.06.2025O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi tarmoq markazida Indoneziyaning Gunadarma universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan malaka oshirish kursining yakuniy taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.



Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti direktori Uzoqboy Begimqulov, O‘zDJTU rektori Ilhomjon To‘xtasinov, Gunadarma universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i I Made Wiryana, Til va madaniyat fakulteti dekani Dr. Ichwan Suyudi (masofadan turib), hamda tarmoq markazi rahbari Jamila Abdug‘aniyeva ishtirok etdilar.
Mazkur malaka oshirish dasturi 2025-yil 26-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan Indoneziyaning Gunadarma universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida amalga oshirildi.
Ushbu kurs doirasida 13 nafar o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchi ishtirok etdi. Ular Jakarta va Bali orollarida sun’iy intellektni ta’lim jarayonlariga joriy etish, raqamli texnologiyalar, hamkorlikda ta’lim berish kabi yo‘nalishlarda amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Kurs oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish va xalqaro tajriba almashinuvi asosida o‘quv jarayonini takomillashtirishga xizmat qiluvchi muhim tashabbus sifatida baholandi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur qo‘shma dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-iyuldagi 415-sonli qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan.

No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.