JANUBIY FEDERAL UNIVERSITETI BILAN HAMKORLIK YANGI BOSQICHDA
04.06.2025O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov Rossiya Federatsiyasining Janubiy federal universiteti (JFU) rektorining vakolatli vakili N. Karpovskaya hamda Fanlararo ta’lim va ibero-amerika tadqiqotlari xalqaro instituti direktori o‘rinbosari M. Shevtsovani qabul qildi.


Uchrashuvda 2022-yilda imzolangan hamkorlik shartnomasi va “Yo‘l xaritasi” doirasida bajarilgan ishlar tahlil qilinib, hozirgacha erishilgan natijalar muhokama qilindi. Har ikki tomon bu boradagi ishlar qoniqarli darajada emasligini tan olib, kelgusi bosqichda hamkorlikni jadallashtirishga kelishib oldilar.



Xususan:
- talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi,
- qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish,
- ilmiy tadqiqot va loyihalarni yo‘lga qo‘yish,
- ilmiy-amaliy anjumanlarni hamkorlikda tashkil etish,
- malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda fikr almashildi.
Mehmonlar O‘zDJTUning Rus filologiyasi hamda Roman-german filologiyasi fakultetlariga tashrif buyurib, rus tilini xorijiy til sifatida o‘qitish, shuningdek, ispan va portugal tillari bo‘yicha ta’lim jarayonlari bilan tanishdilar.
Kunning ikkinchi yarmida Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tomonlar kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan takliflarni muhokama qilib, amaliy ishlar rejasini belgilab oldilar.

Ma’lumot uchun: Janubiy federal universiteti (JFU) QS World University Rankings reytingida TOP 500 talikdan o‘rin olgan. Bugungi kunda universitetda 22 000 dan ortiq talaba tahsil oladi, ularning 3 000 nafari 80 dan ortiq xorijiy davlatlardan. JFU tarkibida 6 ta fakultet, 11 ta institut, 5 ta akademiya, zamonaviy ilmiy laboratoriyalar, kollejlari, litseyi va o‘ziga xos botanika bog‘i mavjud.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.