KASBLAR FESTIVALI – 2026: KASBIY TAʼLIM VA MEHNAT QADRIYATLARI YANGI BOSQICHDA

06.05.2026

2026-yildan boshlab 5-may sanasi yurtimizda “Kasb va mehnat kuni” sifatida keng nishonlanmoqda. Ushbu muhim sana doirasida, ayniqsa yoshlar orasida kasblarning nufuzini oshirish, kasbiy taʼlimni ommalashtirish hamda zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlashga qaratilgan tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Mazkur sana munosabati bilan 5-may kuni Toshkent shahridagi “Alpomish” muz saroyida mamlakatimizda ilk bor keng koʻlamli “Kasblar festivali – 2026” tashkil etildi.

Festival kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish, yoshlarni turli sohalarga yoʻnaltirish va ularning amaliy koʻnikmalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim platformaga aylandi.

Tadbirning ochilish marosimida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo’ng’irotboy Sharipov, Kasbiy taʼlim agentligi direktori Azimjon Husanov, UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi hamda British Councilning Oʻzbekistondagi vakili Maykl Holgeyt ishtirok etib, kasbiy taʼlimni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mehnat qadriyatlarini targʻib etish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtdilar.

Festival doirasida UNDP, British Council, KOICA, Knauf kabi xalqaro tashkilotlar, shuningdek, WorldSkills Uzbekistan, “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi” hamda “Ustoz AI” kabi loyihalar faol ishtirok etmoqda. Ushbu platforma orqali ishtirokchilar zamonaviy kasblar, innovatsion yondashuvlar va yangi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlmoqda.

“Kasblar festivali – 2026” nafaqat kasbiy taʼlimni rivojlantirishga xizmat qiladi, balki jamiyatda mehnatga boʻlgan hurmatni oshirish, yoshlarning kelajak kasbini ongli tanlashiga koʻmaklashuvchi muhim tashabbus sifatida eʼtirof etilmoqda.