Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va Koreya Xalqaro Taraqqiyot Hamkorlik Markazi (KIDC) o‘rtasidagi samarali hamkorlik doirasida o‘zbek tilini xorijiy talabalar orasida keng targ‘ib qilish va madaniy aloqalarni rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda.


Ushbu hamkorlik natijasida Koreyada turib masofaviy intensiv o‘zbek tili kurslarini tamomlagan 13 nafar talaba Toshkentga kelib, o‘qishni davom ettirmoqda. Ularga “Oʻzbek maktabi” ustozlari masofaviy tarzda oʻzbek tilini oʻrgatishdi. Endilikda koreyalik koʻngillilar o‘zbek tilini chuqur o‘rganish bilan birga, ayrimlari ToshDO‘TAUda koreys madaniyatini targ‘ib qilishga ham hissa qo‘shadi.


Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida koreyalik talabalarni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Talabalar ilk bor yuzma-yuz o‘zbek tili darsida qatnashishdi. Ushbu darsni “O‘zbek maktabi”ning katta o‘qituvchisi Durdona Ermatova olib bormoqda. Darslar nafaqat grammatik bilim berishga, balki real hayotiy vaziyatlarda o‘zbek tilidan foydalanishga qaratilgan.
Mazkur loyiha koreyalik talabalar uchun o‘zbek tilini chuqur o‘rganish imkoniyatini yaratish bilan birga, ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. O‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar o‘z navbatida koreys madaniyatini targ‘ib qilish orqali universitet jamoasi hamda talabalariga yangi bilim va tajriba ulashadi.

Ta’kidlash joizki, bu KIDC koʻngillilaridan iborat ikkinchi guruh bo‘lib, 2024-yilda ham bir guruh koreyalik yoshlar “O‘zbek maktabi”da o‘zbek tilini o‘rganishgan edi. O‘tgan yili ushbu loyihaning birinchi guruhi a’zo talabalari o‘zbek tilida muhokama qilish, matnlar yozish va erkin so‘zlashish ko‘nikmalarini egallagan holda o‘z vatanlariga qaytishgan. Bu yilgi dastur ham yuqori sifatda tashkil etilgan bo‘lib, talabalar til bilimi bilan birga o‘zbek madaniyatini ham chuqur o‘rganish imkoniga ega bo‘ladilar.
Kelgusida bu kabi loyihalarni kengaytirish, o‘zbek tilini xalqaro miqyosda ommalashtirish va xorijiy talabalar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish rejalashtirilgan.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.