Hozirgi kunda maktablar ko‘pincha ingliz tili darslarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishadi. Onlayn platformalar, mobil ilovalar, sunʼiy intellekt, interaktiv doskalar — bu vositalarning barchasi o‘quv jarayonini yanada samarali va qulayroq qiladi.
Ingliz tilini o‘qitishda zamonaviy texnologiyalarning roli
Ko‘pgina ota-onalar ilovalar o‘quv jarayonini bolalar o‘ylamasligi kerak bo‘lgan darajada osonlashtiradi, deb hisoblashadi. Lekin unday emas. Aslida, ular kognitiv faollikni rag‘batlantiradi, fikrlashni faollashtiradi va yangi maʼlumotlarni yaxshiroq o‘zlashtirishga yordam beradi. Bolalar ingliz tilini nafaqat darsliklardan, balki o‘yinlar, video darsliklar va interfaol vazifalar orqali o‘rganadilar.
Yana qanday afzalliklari mavjud?
- Shaxsiy yondashuv. Taʼlim platformalari har bir o‘quvchining ehtiyojlariga moslashtirilgan o‘quv dasturlarini yaratadi. Bolalar o‘z tezligida mashq qilishlari, murakkab mavzularni kerak bo‘lganda ko‘p marta takrorlashlari, tilning qiziq jihatlari bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirishlari mumkin.
- Interaktivlik. Darslarda o‘qituvchilar dars mavzusi uchun topshiriqlarni tanlab, o‘yinlar, testlar va viktorinalar kabi interaktiv materiallardan foydalanishlari mumkin.
- Gibrid format va virtuallik. Onlayn platformalar darslarni bolalar uchun yanada moslashuvchan formatda o‘tkazishga imkon beradi, sinf darslari va uy vazifalarini birlashtiradi.
Ingliz tilini o‘qitishda qanday yangi texnologiyalardan foydalanilmoqda?
Texnologiyalar bir joyda turmaydi — ular jadal rivojlanmoqda va bu turli sohalarga, shu jumladan, taʼlim jarayoniga yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. Keling, bu vositalar bolalarga ingliz tilini sevishga qanday yordam berishi mumkinligini batafsil ko‘rib chiqamiz.
Virtual va kengaytirilgan haqiqat. Til muhitiga sho‘ng‘imasdan ingliz tilini o‘rganish deyarli mumkin emas. Bu yerda virtual (VR) va kengaytirilgan haqiqat (AR) o‘qituvchilarga yordam beradi. Maxsus virtual ko‘zoynaklar orqali bolalar ingliz tilida so‘zlashadigan mamlakatlarga “sayohat qilishlari”, ona tilida so‘zlashuvchilar bilan muloqot qilishlari va simulyatsiya qilingan hayotiy vaziyatlarda ishtirok etishlari mumkin. Masalan, mondly VR simulyatorida bolalar ingliz tilida virtual belgilar bilan gaplashadilar, bud astur og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi, til va uning turli lahjalarini eshitish orqali idrok etishni yaxshilaydi.

Sunʼiy intellekt. Sunʼiy intellektga ega mobil ilovalar har bir talabaning ehtiyojlariga moslashadi, xatolarni tahlil qiladi, zaif tomonlarini aniqlaydi, individual tanlangan vazifalarni taklif qiladi.
Zamonaviy texnologiyalar va ingliz tili: ijobiy va salbiy tomonlari
Taʼlimda texnologiyadan foydalanish bolalarning motivatsiyasini oshirishga, jarayonni individuallashtirishga va materialni o‘zlashtirishni tezlashtirishga yordam beradi. Ammo qiyinchiliklarni ham hisobga olish kerak: apparat, dasturiy taʼminot xarajatlari, shuningdek, o‘qituvchilarni yangi usullarga o‘rgatish, o‘quv dasturlarini moslashtirish shular jumlasidan.
Shunga qaramay, zamonaviy texnologiyalardan to‘liq foydalanish uchun ko‘pincha texnik infratuzilma va o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha maxsus kurslar yetishmaydi.
Xorijiy tajriba. G‘arbiy Yevropa, Skandinaviya, Osiyo va AQShning baʼzi mamlakatlaridagi maktablarda texnologiya allaqachon taʼlimning muhim qismiga aylangan. Masalan, Janubiy Koreya va Yaponiyada VR hamda AR qurilmalaridan interaktiv darslarni o‘tkazish uchun faol foydalanilmoqda. Yevropa, masalan, Estoniyada til o‘qitish borasida siz yagona milliy platformani, shu jumladan, ingliz tili darslarini topishingiz mumkin. U “ekool” deb ataladi. Platforma ko‘plab tematik testlar va o‘quv mazmunini o‘z ichiga oladi, talabalar va o‘qituvchilarga topshiriqlarni tezda almashish va fikr-mulohazalarni olish imkonini beradi.
Ingliz maktablarida o‘qitish texnologiyalari. Buyuk Britaniyadagi maktablar ko‘pincha Kahoot va Quizlet kabi raqamli platformalardan foydalanadilar. Ularning afzalligi shundaki, o‘qituvchilar topshiriqlarni tekshirish uchun vaqt sarflashlari shart emas. Platformaning o‘zi bolaning javoblarini to‘g‘ri javoblar bilan tezda bog‘laydi va test uchun baho beradi. Masalan, AQShning Azusa Pacific universitetida o‘tkazilgan maktablarning fikr-mulohazalari bo‘yicha tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, talaba testdan o‘tgandan so‘ng darhol natijalarga erishsa, uning diqqat-eʼtibori va mavzuga bo‘lgan qiziqishi yuqori darajada qoladi. Ammo agar tekshirish bir necha kun davom etsa, bola xatolarini tahlil qilish va ularni tuzatish uchun motivatsiyani yo‘qotadi.
Yana bir afzallik bu geymifikatsiya. O‘yin shaklida platformalar lug‘at va grammatik qoidalarni mustahkamlashga yordam beradi. Baʼzi maktablar allaqachon Century Tech kabi AI yordamchilaridan foydalanadilar, ular o‘quvchining zaif va kuchli tomonlarini tahlil qiladilar.
Xulosa qilib aytganda, zamonaviy texnologiyalar tufayli ingliz tili darslari hamma uchun yanada qiziqarli va qulay bo‘lib bormoqda. VR, AR va AI platformalaridan foydalanish nafaqat o‘rganishni individuallashtirishga yordam beradi, balki o‘quvchilarning qiziqishi va ish faoliyatini oshiradi.
Mohira MAMADALIYEVA tarjimasi,
O‘zDJTU talabasi
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.