MARKAZIY OSIYO MAMLAKATLARI VA OZARBAYJON YETAKCHILARI ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZIGA MARKAZI BILAN TANISHDILAR

15.11.2025

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan mintaqa mamlakatlari va Ozarbayjon Prezidentlari O‘zbekiston Prezidenti bilan birgalikda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan markaz islom sivilizatsiyasining bebaho merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilishga bag‘ishlangan noyob manbalar, ilmiy tadqiqot va ta’lim yo‘nalishlarini bir joyga jamlagan tariximizdagi ilk majmua bo‘ldi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida musulmon olamining bebaho ma’naviy durdonasi sanalgan Usmon Mus’hafi saqlanayotgan Qur’oni karim zaliga tashrif buyurdilar. Qur’onning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan ushbu nodir manba ulkan tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqamiz xalqlarining sivilizatsiyaviy o‘ziga xosligini shakllantirgan chambarchas ma’naviy rishtalarimizni ifoda etadi.

Shuningdek, yetakchilar “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” va “Yangi O‘zbekiston — yangi Renessans” bo‘limlari bilan tanishdilar. Unda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa buyuk allomalar merosi keng yoritilgan.

Tadbir davomida davlat rahbarlari madaniy hamkorlikni kuchaytirish, umumiy ma’naviy qadriyatlarni rivojlantirish muhimligini qayd etdilar. O‘zbekistonning mintaqa merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilishdagi faol sa’y-harakatlari yuqori baholandi. Markaz kelgusida ilmiy, ta’limiy va madaniy hamkorlikni yanada kengaytiradigan zamonaviy markaz sifatida xizmat qilishiga ishonch bildirildi.