MARKAZIY OSIYO: UMUMIY MA’NAVIY-MA’RIFIY MEROS – UMUMIY KELAJAK
13.11.2025O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Markaziy Osiyo: umumiy ma’naviy-ma’rifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongress ishtirokchilariga tabrik yo’lladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjondan tashrif buyurgan olimlar, tadqiqotchilar va xalqaro tashkilotlar vakillarini ilk bor o‘tkazilayotgan ma’naviy merosga bag‘ishlangan xalqaro kongressda samimiy qutladi.
Davlat rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonni asrlar davomida birlashtirib kelayotgan umumiy tarix, madaniyat va boy ilmiy meros haqida so‘z yuritdi. O‘zbekiston zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalar jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgani alohida ta’kidlandi.
Kongressning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi — mintaqaning uch ming yillik tarixini, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarini va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini mujassam etuvchi ushbu maskanning ilmiy-ma’naviy ahamiyatini yana bir bor yoritib berdi.
Prezident bugungi murakkab geosiyosiy vaziyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ilm-ma’rifatga tayanish hamda xalqlar o‘rtasida hamjihatlikni kuchaytirish eng muhim vazifalardan ekanini ta’kidladi. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ta’lim sohasida 500 ga yaqin yangi maktab qurilgani, oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 202 taga yetgani haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Prezident Markaziy Osiyodagi islom sivilizatsiyasining jahon ma’rifati va madaniyatiga qo‘shgan hissasini e’tirof etuvchi BMT rezolyutsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu rezolyutsiya kelgusi yili BMT Bosh qarorgohida taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Davlat rahbari kongress kelajakda muntazam o‘tkazilib, mintaqaning ilmiy-madaniy hamkorligi uchun doimiy platformaga aylanishiga ishonch bildirdi va barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.