Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida joylashgan Mizdaxqon majmuasi — qadimiy tarixiy-arxeologik yodgorliklardan biri bo‘lib, u miloddan avvalgi IV asrdan milodiy XIV asrgacha bo‘lgan davrga oid arxeologik va me’moriy inshootlarni o‘z ichiga oladi. Bu hududda joylashgan Mazlumxon Sulu maqbarasi (XII–XIV asrlar) o‘zining noyob yarim yerosti me’moriy tuzilmasi bilan ajralib turadi.
Qadimiy Mizdaxqon qabristoni 2000 yildan ortiq tarixga ega bo‘lib, unda yuzlab me’moriy va diniy yodgorliklar joylashgan. Mazlumxon Sulu maqbarasi — yer ostiga qurilgan inshoot bo‘lib, uning yer ustki qismida peshtoq va gumbaz qismi ko‘rinib turadi. Asosiy bino yer ostida joylashgan bo‘lib, unga zinalar orqali kiriladi. Markaziy zal kvadrat shaklida bo‘lib, sakkizburchak gumbaz bilan yopilgan va uchta chuqur, bitta nisbatan sayoz tuynukka ega.
Mazlumxon Sulu maqbarasiga oid xalq orasida saqlanib qolgan go‘zal bir afsona mavjud. Rivoyatlarga ko‘ra, mahalliy hukmdorlardan biri o‘z qizini turmushga bermoqchi bo‘lib, unga munosib nomzodni aniqlash uchun g‘ayrioddiy shart qo‘yadi: kim dunyoni lol qoldiradigan me’moriy inshoot barpo etsa, qiz uning nasibasi bo‘ladi. Hukmdor qiziga oshiq yigit yer ostida saroy barpo etadi, uning gumbazini esa yer ustida qoldiradi. Ammo hukmdor hali bitmagan gumbazdan o‘zini tashlab, sevgisini isbotlashni talab qiladi. Oshiq yigit bu shartga ham rozi bo‘lib, jonini fido qiladi…
Yana bir rivoyatda esa shoh qiziga oshiq yigit yer ostida go‘zal saroy quradi. Ammo bir shummomo (hiylakor ayol) nayrangi tufayli yigit va qiz fojiali tarzda halok bo‘lishadi.
So‘nggi arxeologik tekshiruvlar ushbu rivoyatlarning tarixiy asosga ega ekanini tasdiqlaydi: maqbara ostidan bir qiz, bir yigit va yana bir sarkardaga oid qabrlar aniqlangan. Qizning qabri ustidagi forsiy yozuvlar uning zodagonlar oilasidan chiqqanini bildiradi. Sarkardaning qabri esa qandaydir Muzaffar shohga tegishli bo‘lishi mumkin.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, mazkur maqbara qadimiy Antakiya tog‘i (Ko‘hi Antakiya) etagida joylashgan bo‘lib, u Buyuk Ipak yo‘li yoqasida muhim maskan bo‘lgan. Ushbu voqea va afsonalar asrlar davomida og‘izdan og‘izga o‘tib, xalq xotirasida saqlanib qolgan. Hatto bu afsonalar Nizomiy, Amir Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlar ijodida yaratilgan Farhod va Shirin, Xusrav va Shirin kabi muhabbat timsollarining vujudga kelishiga ilhom manbai bo‘lgani ehtimoldan xoli emas.
Mazlumxon Sulu maqbarasidagi ikki asosiy qabr — Mazlum va uning sevgilisi deb taxmin qilinadi. Yigitning bu yurtga begona ekanligi maqbara bezaklari va naqshlaridan ham seziladi. U sevgan qizga atab yer ostida qasr qurgan va shu inshootda sevgilisi bilan birga dafn etilgan.
Bugungi kunda Mazlumxon Sulu maqbarasi nafaqat qadimiy me’moriy obida, balki xalqning ma’naviy hayoti, diniy e’tiqodlari va madaniy qadriyatlarini aks ettiruvchi bebaho manba sifatida qadrlanadi. Ushbu yodgorlik atrofida shakllangan afsonalar va badiiy talqinlar yosh avlodda milliy madaniyatga bo‘lgan hurmatni mustahkamlaydi va ularni tarixiy merosni asrab-avaylashga chorlaydi.
Go‘zzal ALLAMURATOVA,
O‘zDJTU talabasi
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.