MINTAQAVIY VAZIRLAR DAVRA SUHBATIDA HAMKORLIKNING YANGI ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI

25.11.2025

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov Qozog‘iston Respublikasi Fan va Oliy ta’lim vaziri Nurbek Sayasat, Ozarbayjon Respublikasi Fan va Ta’lim vaziri Emin Amrullayev 25-noyabr kuni Toshkentda QS (Quacquarelli Symonds) prezidenti va Boshqaruv Kengashi raisi Nuntsio Kvakvarelli boshchiligidagi mintaqaviy vazirlar davra suhbatida ishtirok etdi.

Tadbirda mintaqada oliy ta’limning kelajagi, xalqaro tajriba va mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati muhokama qilindi. Suhbat davomida O‘zbekistonda universitetlar avtonomiyasini oshirish, ta’lim dasturlarini mehnat bozoriga moslashtirish, innovatsion ekotizimlarni rivojlantirish va bandlikni asosiy ko‘rsatkichga aylantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar tilga olindi.

Qozog‘iston va Ozarbayjon universitetlari bilan hamkorlik O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining QS reytingidagi akademik obro‘sini mustahkamlashi qayd etildi.

Yevrosiyo miqyosida xalqaro tajriba va hamkorlikni uyg‘unlashtirish oliy ta’limni tez modernizatsiya qilish, akademik mukammallik va barqaror rivojlanish uchun umumiy platforma yaratishi mumkinligi ta’kidlandi.