NAMANGANDA O’TKAZILGAN XALQARO ANJUMANDA 15 DAN ZIYOD HUJJATLAR IMZOLANDI
23.05.202522–23-may kunlari Namangan davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining hududlararo konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.


Ushbu nufuzli anjuman ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, uni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
22-may kuni tadbirning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi boshqarma rahbari Igor Maslov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Konstantin Mogilevskiy, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov, Rossiya Federatsiyasi Ta’lim vaziri o‘rinbosari Andrey Korneyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev so‘zga chiqishdi.


Konferensiya doirasida ikki davlatning oliy ta’lim tizimi vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda ilmiy markazlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Yalpi majlisda qayd etilganidek, oxirgi yillarda amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar, hukumatlararo kelishuvlar va muntazam muloqotlar ikki tomonlama hamkorlikning samarali modeliga aylangan. Bugungi kunda O‘zbekistondagi Rossiya oliy ta’lim muassasalari filiallarida 10 mingga yaqin talabalar tahsil olmoqda, ularga mingga yaqin o‘zbek va rossiyalik professor-o‘qituvchilar birgalikda dars bermoqda.
Yaqin kunlarda Toshkentda N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining filiali faoliyat boshlashi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu nufuzli OTMning xorijdagi ilk filialiga aylanadi. Shuningdek, Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot ham O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish arafasida turibdi.
Konferensiya doirasida quyidagi muhim tadbirlar o‘tkazildi:
- Hukumatlararo iqtisodiy hamkorlik komissiyasining Fan va ta’lim bo‘yicha quyi komissiyasi yig‘ilishi;
- ikki tomonlama uchrashuvlar (U2U) va tematik muhokamalar;
- pedagogik kadrlar tayyorlash, o‘rta maxsus ta’lim tizimi va ilg‘or muhandislik maktablarini tashkil etish mavzularida davra suhbatlari;
- til va madaniyatning ta’lim va jamiyatdagi roliga bag‘ishlangan panel muhokamalari.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha 15 dan ortiq ikki tomonlama kelishuv va memorandumlar imzolanib, rasmiy qabul marosimi hamda madaniy dastur tashkil etildi.
23-may kuni ishtirokchilar uchun O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi bilan tanishuv sayohati uyushtiriladi.
Ushbu konferensiya O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ta’lim va fan sohasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi, yangi qo‘shma tashabbuslar uchun mustahkam poydevor yaratishi kutilmoqda.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.