OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI YAPONIYA IMPERATORI NARUXITO BILAN UCHRASHDI
19.12.2025Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifini 19-dekabr kuni Imperator Naruxito bilan uchrashuvdan boshladi.
Yaponiya Imperatori davlatimiz rahbarini samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston Prezidentining bu galgi tashrifi Oʻzbekiston – Yaponiya doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yoʻlidagi muhim voqea ekanini taʼkidladi.


Mamlakatimiz yetakchisi Imperator Naruxitoga chuqur hurmat-ehtiromini bildirib, Yangi Oʻzbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni izchil qoʻllab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik izhor etdi.
Oʻzbek va yapon xalqlari geografik jihatdan bir-biridan olis boʻlishiga qaramay, ularni mentalitetlar, urf-odatlar va oilaviy qadriyatlar oʻxshashligi, shuningdek, ildizlari Buyuk Ipak yoʻli davriga borib taqaladigan koʻp asrlik tarixiy aloqalar bogʻlab turgani taʼkidlandi.

Ikki tomonlama hamkorlik, ayniqsa, taʼlim va kadrlar tayyorlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasida izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunga qadar 3 mingdan ortiq oʻzbekistonlik mutaxassislar Yaponiyada amaliyot oʻtadi, 440 nafardan ziyodi esa stipendiya asosida oliy maʼlumotga ega boʻldi. Oʻzbekistondagi 7 ta universitetda yapon tili oʻqitilmoqda.
Joriy tashrif doirasida Tokioda Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Kelgusi yili Yaponiyaning bir nechta shaharlarida Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga bagʻishlangan arxeologik koʻrgazma tashkil etilishi rejalashtirilgan.
