OʻZBEKISTONLIK YOSH MUHANDIS OLIMLAR AQSHDA STAJIROVKA OʻTAMOQDA

14.07.2026

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “Future 100” stajirovka dasturi ishtirokchilari AQSHning Silikon vodiysida taʼlim dasturining ilk kunini amaliy mashgʻulotlar va ekspertlar bilan uchrashuvlar bilan boshladi.

Dastlab ishtirokchilar uchun tanishuv va yoʻnaltiruv sessiyasi tashkil etilib, Silkroad Innovation Hub mutaxassislari tomonidan stajirovkaning asosiy maqsadlari, oʻquv modullari, amaliy tashriflar hamda dastur yakunida kutilayotgan natijalar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, Silikon vodiysining innovatsion va startap ekotizimiga bagʻishlangan seminar davomida universitetlar, texnologik kompaniyalar, akseleratorlar, venchur fondlari hamda startaplar oʻrtasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlari muhokama qilindi.

Tadbirda Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida startaplarni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, xususiy sektor va venchur investitsiyalarni keng jalb etish, universitet–investor–sanoat hamkorligini mustahkamlash hamda istiqbolli loyihalarni xalqaro akseleratsiya dasturlariga olib chiqishda Silikon vodiysi tajribasidan foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Stajirovka doirasida ishtirokchilar dunyoning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri – Stenford universitetiga tashrif buyurib, universitetning ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi, innovatsion tadbirkorlik muhiti hamda taʼlim, sanoat va xususiy kapital oʻrtasidagi hamkorlik modeli bilan yaqindan tanishdi.

Bundan tashqari, Stenford universiteti professori Georgiy Blank ishtirokida “Digital Innovation” mavzusida amaliy workshop oʻtkazildi. Unda innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish, startaplarni inkubatsiya qilish, texnologiyalar transferi va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning zamonaviy yondashuvlari yuzasidan amaliy tavsiyalar taqdim etildi.