OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI OSIYO OLIMPIYA KENGASHINING 46-BOSH ASSAMBLEYASIDA ISHTIROK ETDI
26.01.2026.26-yanvar kuni Toshkentda Osiyo Olimpiya Kengashining 46-Bosh assambleyasi boʻlib oʻtdi, unda xalqaro va mintaqaviy sport tashkilotlari rahbarlari hamda rasmiylar ishtirok etdi.
O’z nitqida Prezident Shavkat Mirziyoyev global ziddiyatlarga qaramay, sportning xalqlar oʻrtasida muloqot, hamkorlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashdagi rolini taʼkidladi. U Shayx Javʼan bin Hamad Ol Soniyni Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti etib saylanganini qutlab, uning sport rivojiga qoʻshgan hissasini alohida taʼkidladi.


Oʻzbekistonning keng qamrovli sport islohotlari, zamonaviy infratuzilma, “Prezident Olimpiadasi” tizimi va Olimpiya shaharchasi haqida soʻz yuritildi. 2024-yilgi Parij Olimpiadasi va Paralimpiadasida sportchilarimizning muvaffaqiyati ham qayd etildi, shuningdek, mamlakatda 15 milliondan ortiq aholi muntazam jismoniy tarbiya bilan shugʻullanayotgani taʼkidlandi.


Xalqaro sport tashkilotlari bilan 20 dan ortiq hamkorlik bitimlari imzolangan, jumladan, ogʻir atletika, kurash, voleybol va chim ustida xokkey sohalarida yangi sport obyektlari va akademiyalar tashkil etilmoqda. Toshkentda antidoping forumlari va Markaziy Osiyo mintaqaviy yigʻilishlari ham oʻtkazilmoqda.
Assambleya yakunida Shayx Javʼan bin Hamad Ol Soniy Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlandi.

