OʻZBEKISTON VA AQSH OʻRTASIDA USTUVOR YOʻNALISHLAR BOʻYICHA QATOR BITIMLAR IMZOLANDI

19.02.2026

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi hamda qoʻshma loyihalar taqdimotida ishtirok etdi.

Tadbirda AQSh hukumati va moliya institutlari vakillari, jumladan, Savdo vakili Jeymison Grir, Prezidentning maxsus vakili Paolo Zampolli, Export-Import Bank of the United States prezidenti Jon Yovanovich, U.S.-Uzbekistan Chamber of Commerce raisi Kerolin Lemm hamda qator yirik kompaniyalar – John Deere, Valmont Industries, Gulf Oil, BlackRock, Oppenheimer va boshqalar rahbarlari qatnashdi. Videoaloqa orqali Oʻzbekiston hududlari rahbarlari ham muloqotga qoʻshildi.

Davlatimiz rahbari nutqida mazkur uchrashuv avvalgi davra suhbatining mantiqiy davomi ekanini, iqtisodiy sheriklik strategik ishonch va oʻzaro manfaatdorlik asosida yangi bosqichga koʻtarilayotganini taʼkidladi.

Ustuvor yoʻnalishlar sifatida muhim xomashyo, neft-kimyo, energetika, qishloq xoʻjaligi, parrandachilik va boshqa tarmoqlar qayd etildi. Shuningdek, U.S. International Development Finance Corporation va Eksimbankning loyihalarni qoʻllab-quvvatlashdagi roli ortib borayotgani alohida taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻini qurish, yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, muhim minerallarni qazib olish va yetkazib berish, parrandachilik klasterini tashkil etish, agrosanoatni rivojlantirish hamda moliya bozori va investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Mazkur kelishuvlar Oʻzbekiston–AQSh iqtisodiy hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

https://president.uz