OʻZBEKISTON VA ITALIYA OLIY TAʼLIM VAZIRLARI OʻRTASIDA UCHRASHUV BOʻLIB OʻTDI
19.02.2026Rim shahrida boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston va Italiya oliygohlari rektorlarining Ikkinchi forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Italiya Respublikasi Universitetlar va ilmiy tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Muloqotda Oʻzbekiston Respublikasining Italiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abat Fayzullayev ham ishtirok etdi.



Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi strategik muloqotlar va oʻzaro tashriflar ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani qayd etildi.
Tomonlar universitetlararo aloqalarni kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy tadqiqot loyihalarini koʻpaytirish, akademik almashinuvlarni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Oʻzbekiston oliygohlari Italiyaning yetakchi universitetlari bilan keng koʻlamli hamkorlik olib borayotganini, Erasmus+ dasturi doirasida 30 ga yaqin qoʻshma loyihalar amalga oshirilganini, 300 dan ortiq oʻzbekistonlik yoshlar Italiya universitetlarida tahsil olayotganini taʼkidladi.
Uchrashuvda talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvini kengaytirish, qoʻshma magistratura va doktorantura dasturlarini yoʻlga qoʻyish, muhandislik, tibbiyot, sunʼiy intellekt, qishloq xoʻjaligi, turizm, moda va dizayn kabi ustuvor sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
