O‘ZBEKISTON OLIYGOHLARI DUNYONING TOP-1000 TALIGIDA
09.12.2025Tayvanda 2025-yilgi UI GreenMetric reytingining rasmiy natijalari eʼlon qilindi.
Dunyoning eng nufuzli “yashil» universitetlar reytingidan oʻrin olgan taʼlim maskanlari orasida Oʻzbekiston oliygohlari ham munosib natijalar bilan qayd etildi.


Joriy yilda 105 davlatdan 1 745 ta universitet baholangan ushbu reytingda Oʻzbekistonning 79 ta oliy taʼlim muassasasi ishtirok etdi. Ulardan 38 tasi dunyoning TOP-1000 taligidan joy olgani soʻnggi yillarda yurtimizda barqaror rivojlanish va “yashil kampus” tamoyillarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorini koʻrsatadi.
2025-yilning mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va ʼyashilʼ iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilingani bilan uygʻun holda, universitetlarimizning xalqaro ekologik tashabbuslardagi ishtiroki tobora faollashmoqda.
Tadbirda UI GreenMetricning Oʻzbekistondagi koordinatori, BuxDU rektori Obidjon Xamidov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston oliygohlarida ekologik barqarorlikni oshirish va “yashil” loyihalarni koʻpaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi.



