O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOEV AMALIY TASHRIF BILAN OLMAOTA SHAHRIDA BO’LIB TURIBDI
29.03.2025O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Olmaota shahriga keldi. Davlatimiz rahbarini Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev kutib oldi. O‘zbekiston yetakchisi tashrifi sharafiga faxriy qorovul saflandi va ikki mamlakat bayroqlari ko‘tarildi.



Tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Olmaota shahrida norasmiy uchrashuv o‘tkazdilar.
Ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.


Suhbat avvalida davlat rahbarlari bir-birini hamda qardosh xalqlarimizni bahor ayyomi Navro‘z va yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan samimiy qutladilar.
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Barcha darajalarda faol muloqotlar olib borilmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 14 foizga oshdi, umumiy qiymati 4 milliard dollardan ziyod investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi, yaqin hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv rivojlanmoqda.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston Bosh vazirlari o‘rinbosarlarining o‘zaro savdoni ko‘paytirish, mashinasozlik, elektrotexnika, neft-gaz, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda yetakchi korxonalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlarini tingladilar.
Prezidentlar sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha uzoq muddatli dasturni shakllantirish, mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdilar.
Joriy yilda Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash, qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan yaqin oylarda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo sammitlariga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashildi.

No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.