Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti o‘rtasida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturining ilk bitiruvchilariga tantanali ravishda diplom topshirildi.




2025-yil 25-iyul kuni Xo‘jand shahrida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti hamkorligida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturining ilk bitiruvchilariga diplom topshirish marosimida TDIU rektori To‘lqin Teshabayev hamda TDHBSDU rektori Muminzoda Sheroz Abdujabbor o’z tabrik so‘zlarida ushbu loyihaning ilmiy, madaniy va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatiga alohida to‘xtalib o’tishdi.
Ular bitiruvchilarning ikki oliy ta’lim muassasasi bazasida, zamonaviy va raqamlashtirilgan ta’lim muhitida yetuk bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lganliklarini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ilm-fan sohasidagi uzviy aloqalar kelajakda yana-da mustahkamlanishiga ishonch bildirishdi.

Tadbir davomida bitiruvchi talabalar va ularning ota-onalari so‘zga chiqib, o‘zlarining samimiy minnatdorchiliklarini bildirib, ikki mamlakat yoshlari uchun istiqbolli imkoniyat ekanligini qayd etishdi. Bitiruvchilar ikki mamlakatning yuqori malakali professor-o‘qituvchilaridan tahsil olganliklaridan faxr bilan so‘z yuritar ekan, mazkur dastur ularga nafaqat chuqur nazariy bilim, balki xalqaro darajada tan olingan diplomlarga ega bo‘lganliklari zamonaviy mehnat bozorida ularning raqobatbardosh bo‘lishiga imkonini berganini e’tirof etdilar.
Diplom topshirish marosimi yakunida ikki xalqning boy madaniyatini aks ettirgan musiqiy chiqishlar va do‘stlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Bu esa, nafaqat ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik, balki xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganining ifodasi bo‘ldi.

Mazkur qo‘shma ta’lim dasturi nafaqat mintaqaviy ta’lim makonining integratsiyalashuviga xizmat qilmoqda, balki global bilimlar maydonida zamonaviy, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda o‘ziga xos modelga aylanmoqda. Bu, o‘z navbatida, nafaqat ikki universitet, balki ikki davlat oliy ta’lim tizimi taraqqiyotining yorqin ifodasidir.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.