O‘ZBEKISTON VA TURKIYA PREZIDENTLARI HAMKORLIKNING YANGI USTUVOR YO‘NALISHLARINI BELGILAB OLDILAR
30.01.2026O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sanoat, hududlararo, ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanayotgani qayd etildi. Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.
Yig‘ilish yakunida Qo‘shma bayonot va keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi hamkorlik mexanizmlariga oid qaror imzolandi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, transport, energetika, madaniyat, migratsiya va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.




