O‘ZBEKISTON-XITOY: YANGI AVLOD TA’LIMI VA INNOVATSIYALAR SARI HAMKORLIK
03.11.2025O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘zbekiston–Xitoy ikkinchi ta’lim forumi o‘z ishini tantanali ravishda boshladi. Forum “Yangi avlod kadrlarini tayyorlash: ta’lim, fan va innovatsiyalar orqali O‘zbekiston va Xitoyning barqaror taraqqiyot sari hamkorligi” mavzusida o‘tkazilmoqda.
Ushbu xalqaro anjuman 2024-yil yanvar oyida Xitoyda o‘tkazilgan birinchi forumning mantiqiy davomi bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’limiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishni maqsad qilgan. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Forumda O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, 160 dan ortiq o‘zbek ta’lim tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, Xitoydan 140 dan ziyod oliy o‘quv yurtlari, kasbiy ta’lim markazlari va korxona vakillari qatnashmoqda.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Xitoy Ta’lim vaziri Xuay Szinpen hamda Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Van Ji Vey kirish so‘zlari bilan ishtirok etdilar.






Qo’ng’irotboy Sharipov o‘z nutqida shunday dedi:
“Bugungi forum O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga, ta’lim hamda ilm-fan sohalari esa ikki davlat strategik sherikligining mustahkam poydevoriga aylanishiga ishonaman.”
Xuay Szinpen o’z navbatida, O‘zbekiston–Xitoy ta’lim aloqalarining izchil rivojlanayotganini ta’kidladi:
“Bugungi kunda Toshkentda Shimoli-g‘arbiy Qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik universitetining filiali faoliyat yuritmoqda. Bu hamkorlikning amaliy samarasidir. Xitoy O‘zbekiston bilan raqamli ta’lim yo‘nalishida ham tajriba almashishga tayyor.”
Forum dasturi avvalida mehmonlarga O‘zbekistonning turli hududlariga xos urf-odatlar, milliy raqslar, xalq o‘yinlari va madaniyat namunalarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar taqdim etildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy vakillari daraxt ekish marosimida ishtirok etib, ekologik barqarorlik va do‘stona hamkorlik ramzini ifodaladilar.






Sho‘ba yig‘ilishlarida ta’lim tizimini raqamlashtirish, sun’iy intellektni o‘quv jarayoniga joriy etish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda talaba almashinuv dasturlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Forum doirasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 20 dan ortiq hamkorlik memorandumi va bitimlar imzolandi. Ular orasida oliy ta’lim, fan, innovatsiyalar, kasbiy ta’lim hamda ishlab chiqarish integratsiyasiga oid loyihalar mavjud.





Forum doirasida O‘zbekiston-Xitoy kasbiy ta’lim alyansining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Husanov, O‘zbekiston–Xitoy Kasbiy ta’lim alyansi kotibi Hugo Fu, hamda texnika yo‘nalishidagi muassasalar rahbarlari qatnashdi.
Azimjon Husanov ta’lim sifatini oshirish, xalqaro standartlarga mos o‘quv dasturlarini joriy etish hamda zamonaviy kasblar bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlashda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi:
“Bugungi kunda 598 ta texnikumda 442 mingdan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda. 47 ta texnikumda Buyuk Britaniya, Germaniya, Saudiya Arabistoni va Shveytsariya kompaniyalari bilan xalqaro dasturlar asosida kadrlar tayyorlanmoqda.”





Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning 23 ta oliy ta’lim muassasasida 2 725 nafar talaba 38 ta yo‘nalish bo‘yicha xitoy tilini o‘rganmoqda. Shu bilan birga, Xitoyda 7 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. So‘nggi uch yil davomida 500 dan ziyod talaba va o‘qituvchilar grant asosida Xitoyda o‘qish va malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishgan.
O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 29 ta qo‘shma ta’lim dasturi faoliyat yuritmoqda, bu esa ikki davlat o‘rtasidagi ta’limiy integratsiyaning amaliy ifodasidir.

O‘zbekiston–Xitoy ta’lim forumi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi sifat bosqichiga olib chiqdi. Bu hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari: raqamli transformatsiya, innovatsion pedagogika, kasbiy ta’limni modernizatsiya qilish va sun’iy intellektni ta’lim tizimiga integratsiya etish kabi keng ko’lamli masalalarni qamrab oldi.
Forum shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonning “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan inson kapitalini rivojlantirish va innovatsion iqtisodiyotga o‘tish yo‘lida Xitoy bilan hamkorlik muhim tayanch nuqtaga aylanmoqda.
Ayniqsa, O‘zbekiston–Xitoy Kasbiy ta’lim alyansi faoliyati, qo‘shma universitetlar tarmog‘ining kengayishi va ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasi bo‘yicha kelishuvlar, mamlakatning yoshlar siyosati va mehnat bozoriga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.