2025-yil 25–26-noyabr kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘magi bilan Toshkent shahrida xalqaro nufuzli reyting agentligi Quacquarelli Symonds agentligi tomonidan ilk bor “QS Yevroosiyo forumi – 2025” o‘tkaziladi. Tadbirga Central Asian University mezbonlik qiladi.

Forum “Imkoniyatlarni kengaytirish: oliy ta’limda global ko‘priklarni qurish” mavzusida o‘tkazilib, u xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda Yevroosiyo bo‘ylab O‘zbekiston universitetlarining xalqaro nufuzini oshirish masalalariga bag‘ishlanadi.
Tadbirda Markaziy Osiyo, Yevropa va boshqa mintaqalardan 300 dan ortiq akademik rahbarlar, siyosatchilar va innovatsion g‘oya mualliflari ishtirok etishi kutilmoqda. Ular ikki kun davomida ma’ruza, strategik munozara va mahorat darslari orqali oliy ta’lim tizimining kelajagi hamda global hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qiladilar.
