O‘ZBEKISTONDA O‘ZBEK-FRANSUZ UNIVERSITETI TASHKIL ETILADI

25.04.2025

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Fransiyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Orianna Bushez xonim oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda ikki davlat hamkorligida tashkil etiladigan Oʻzbek-Fransuz universitetiga oid masalalar muhokama qilindi. Universitet Toshkent davlat texnika universiteti hududida joylashtirilishi rejalashtirilgan boʻlib, taʼlim dasturlari, oʻquv rejalari va akkreditatsiya jarayonlarini tez va muvofiqlashtirilgan tarzda amalga oshirish maqsadida ikki tomonlama ishchi guruh tuzish taklifi ilgari surildi. Guruh tarkibiga Toshkent davlat texnika universiteti,  Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat transport universiteti va Oʻzbekiston jahon tillari universiteti vakillari kiradi. 

Shuningdek, fransuz tili va adabiyoti boʻyicha magistratura dasturini tayyorlov kursisiz, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab ochish taklifi bildirildi. Shu sanadan boshlab muhandislik (bioinformatika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari) va transport (intellektual logistika tizimlari) yoʻnalishlari boʻyicha tayyorlov kurslari tashkil etish, magistraturaga qabul jarayonlarini boshlash belgilandi.

Elchi xonim tomonidan universitet rektori va prorektorlari, xususan fransuz nomzodi borasidagi kelishuvlar toʻgʻrisida ham fikr almashildi. Fransuz tomoni prorektorni oʻz tomonidan tayinlashga oid ichki jarayonlarni yakunlayotganini maʼlum qildi.

Maʼlumot uchun, 2025-yil 19–20-may kunlari Fransiyaning yetakchi universitetlari rahbarlaridan iborat delegatsiya Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida Oʻzbek-Fransuz universitetini tashkil etish va uning amaliy faoliyatini yoʻlga qoʻyishga doir masalalar atroflicha muhokama qilinadi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

two × five =