O‘ZDJTU VA UZTEAM PERSONALVERMITTLUNG O‘RTASIDA ANGLASHUV MEMORANDUMI IMZOLANDI

19.11.2025

Birinchi O‘zbekiston–Germaniya oliygohlari rektorlari forumi doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) va Germaniyaning UZteam Personalvermittlung kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi (MoU) imzolandi.

Mazkur hujjat talabalar va bitiruvchilarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, malakaviy amaliyot va ish bozoriga yo‘naltirish, shuningdek akademik ta’lim bilan amaliy ish tajribasini integratsiya qilish kabi masalalarni nazarda tutadi. Memorandum doirasida talabalar ta’til davrida vaqtinchalik ish o‘rinlari, treninglar va ishga joylashish bo‘yicha amaliy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Uchrashuvda O‘zDJTU rektori Prof. Ilxomjon Tuxtasinov, UZteam Personalvermittlung boshlig‘i Umar Ramazonov va universitet vakillari ishtirok etdi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, talabalarning malakasini oshirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi.