26-fevral kuni Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, shohsupaga taklif etdi. Harbiy orkestr ikki mamlakat davlat madhiyalarini ijro etdi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdilar.


Shu kunning o’zida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning barcha yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.Davlat rahbarlari keyingi yillarda ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar. Faol siyosiy muloqotlar, samarali parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar davom etmoqda.
2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 130 taga yetdi. Karachi va Toshkentda savdo uylari ochildi. Toshkent va Lahor o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi.


Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari, O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi, shu bulan birga tomonlar madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Keng ko‘lamli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yilda o‘tkazishga kelishib olindi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Pokiston hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan Qo‘shma deklaratsiya hamda ikki tomonlama Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladilar.
Ikki mamlakat yetakchilari huzurida tashrif davomida imzolangan quyidagi hujjatlar almashildi:
– Fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Diplomatik pasport egalarining vizasiz safarlari to‘g‘risida bitim;
– Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Professional ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Yoshlarga oid siyosat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Diplomatik akademiyalar, Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar va ahdlashuvlar hamda boshqa hujjatlar.





No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.