POLSHA VA O‘ZBEKISTON OLIY TA’LIM MUASSASALARI REKTORLARI II FORUMI

25.04.2025

Forum doirasida Yevropa Ittifoqi dasturlari asosida Polsha va Oʻzbekiston universitetlari oʻrtasidagi hamkorlik imkoniyatlariga bagʻishlangan yalpi yig‘ilish boʻlib oʻtdi. Unda Yevropa Ittifoqi va Polsha milliy tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan ilmiy-taʼlimiy hamkorlikning mavjud imkoniyatlari, istiqbollari hamda amaliyotda qoʻllanilayotgan samarali tajribalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Erasmus+, NAWA, Horizon Europe, FRSE va NCBR kabi xalqaro platformalar orqali amalga oshirilayotgan hamkorlik yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirni ochib bergan Kozminski universiteti rektori, professor Gjegoj Majurek ikki diplomli (dual degree) taʼlim dasturlarining ahamiyatiga toʻxtalar ekan, bunday dasturlar Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlashda muhim oʻrin tutishini qayd etdi

Polsha akademik almashinuv milliy agentligi (NAWA) vakili Monika Zaremba agentlikning beshta asosiy dasturi haqida batafsil maʼlumot berdi. U mazkur dasturlar professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun akademik mobillik, ilmiy stajirovka hamda institutsional hamkorlikni rivojlantirish imkonini yaratishini taʼkidladi.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Botir Usmonov kimyo va texnologiya yoʻnalishlarida qoʻshma laboratoriyalar, magistratura dasturlari va ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish tashabbusini ilgari surdi.

Shuningdek, Polsha Ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar boʻyicha Milliy markazi (NCBR) vakili Yeji Malaxovskiy mamlakatdagi ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish boʻyicha tajriba bilan oʻrtoqlashdi. U Oʻzbekiston universitetlari uchun Horizon Europe va Smart Growth kabi yirik dasturlarda ishtirok etish imkoniyati mavjudligini taʼkidladi.

Toshkent davlat agrar universiteti rektori Narzullo Oblomuradov o‘zbekistonlik agrar yo‘nalishdagi talabalarning Polshaning nufuzli agrar va sanoat kompaniyalarida pullik amaliyot o‘tash imkoniyatini yaratish taklifini bildirdi. Bu kabi amaliyot dasturlari orqali o‘zbekistonlik talabalar ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy ish jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shundan so‘ng, texnologiyalar, tabiiy fanlar va tibbiyot sohalariga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirokidagi sessiya ishida barqaror taraqqiyot, raqamli texnologiyalarni integratsiyalash va innovatsion yondashuvlar orqali umumiy muammolarga yechim topish boʻyicha konstruktiv muzokaralar olib borildi.

Ushbu sessiya doirasida texnologiya, muhandislik, tabiiy fanlar hamda tibbiyot sohalarida globallashuv sharoitida shakllanayotgan zamonaviy tendensiyalar, mavjud imkoniyatlar, dolzarb muammolar va ularning yechimlariga oid masalalar quyidagi olti asosiy yoʻnalishda muhokama qilindi:
➖Universitet-sanoat integratsiyasi va hamkorlik mexanizmlari;
➖Yashil transformatsiya, ekologik muvozanat va barqaror rivojlanish;
➖Yuksak texnologiyalar va ularning ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi qoʻllanilishi;
➖Tibbiyotda katta hajmdagi maʼlumotlar (Big Data) va raqamli texnologiyalarning joriy etilishi;
➖Biotibbiyot sohasida innovatsion yondashuvlar va ilmiy izlanishlar.

Gumanitar, ijtimoiy va iqtisodiy fanlar bagʻishlangan keyingi sessiya ishida NAWA dasturi orqali talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvini rivojlantirish, Erasmus va Gorizont dasturlariga hamkorlikda grant loiyhalarini topshirish, gender tenglik va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun yozgi maktablarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiton ommaviy kommunikatsiyalar va jurnalistika universiteti rektori, professor Sherzodxon Qoʻdratxoʻja “Zamonaviy dunyo: Oʻzbekiston axborot tendensiyalari, tendensiyalari va jurnalistikasi” mavzusida maʼruza qildi. Maʼruzada Oʻzbekistonda axborot siyosati shaffofligini va xavfsizligini taʼminlashda olib borilayotgan islohotlar, jurnalistika sohasi taʼlimini rivojlantirish borasidagi koʻrilayotgan muhim chora-tadbirlar haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Adam Mickiewicz universiteti prorektori, professor Piotr Ravluch Oʻzbekistonning muhandislik, aniq va gumanitar fanlar yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma doktorlik taʼlimi dasturlarini yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi. Bunda PhD bosqichiga oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bosqichiga qabul qilingan tadqiqotchilarga Polsha tomonidan ilmiy rahbarlikka professor-oʻqituvchi biriktirilishi, dissertatsiya himoyasi ham ushbu davlatda tashkil etilishi taʼkidlandi. Natijada dissertatsiya ishi himoyasi uchun ikki tomonlama ilmiy daraja diplomi taqdim etiladi. 

Forum yakuni bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishda Toshkent Vestminster xalqaro universiteti rektori Komiljon Karimov anjuman doirasida boʻlib oʻtgan munozaralarning mazmuni va darajasida sifatli oʻsish kuzatilganini taʼkidladi. U polshalik hamkorlarga yuqori darajadagi tashkiliy ishlar uchun minnatdorlik bildirdi hamda xalqaro ilmiy tadbirlar tobora mazmunli va amaliy ahamiyat kasb etib borayotganini qayd etdi.

Sessiyalar yakunida ishtirokchilar bildirgan tashabbuslar va amalga oshirilayotgan loyihalarni hisobga olgan holda, Polsha va Oʻzbekiston universitetlari oʻrtasida fan, taʼlim va innovatsiya sohalarida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan 37 ta hamkorlik hujjatlari imzolandi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

seventeen + 13 =