PREZIDENT O‘ZBEK-FRANSUZ UNIVERSITETINI TASHKIL ETISH BO‘YICHA QARORNI IMZOLADI
27.11.2025Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning PQ–354-sonli qarori bilan O’zbekiston va Fransiya davlatlari o‘rtasidagi ta’lim hamkorligini yangi bosqichga ko‘taradigan O‘zbek-Fransuz universiteti tashkil etilishi belgilandi.
«O‘zbek-Fransuz universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror ushbu zamonaviy oliy ta’lim loyihasining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Universitetning asoschilari — O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fransiya Oliy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va kosmik faoliyat vazirligidir. Ta’lim jarayonlari va o‘quv dasturlarini quyidagi Fransiya universitetlari konsorsiumi ishlab chiqadi va boshqaradi:
- Université de Poitiers
- Université de Rennes
- Université Le Havre Normandie
- Université Lumière Lyon
Universitet o‘z faoliyatini O‘zbekiston qonunchiligi talablari hamda Fransiya tomoni tavsiyalari asosida tashkil etadi.
Bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kutilayotgan ta’lim dasturlarida:
Dastlab universitetda magistratura yo‘nalishlari ochiladi. Keyinchalik bakalavriat va doktorantura dasturlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Abituriyentlar uchun tayyorlov kursi joriy etilib, ularning o‘qishga qabul qilinishiga qulaylik yaratadi.
Ta’lim jarayoni maqsadli davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida olib boriladi.
Bitiruvchilarga:
- O‘zbek-Fransuz universiteti diplomi;
- va/yoki konsorsiumga kiruvchi Fransiya universitetlaridan biri tomonidan beriladigan, Fransiyada akkreditatsiyadan o‘tgan dasturlar bo‘yicha fransuz diplomi topshiriladi.
Ushbu diplomlar O‘zbekiston Respublikasida rasmiy tan olinadi.
Loyihaning asosiy maqsadlari:
- Xalqaro standartlar asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash;
- Qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish;
- Talabalarga Fransiya ta’lim dasturlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish;
- O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ta’lim hamkorligini mustahkamlash.

