PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEV OQ UYDA AQSH PREZIDENTI DONALD TRAMP BILAN MUZOKARA O‘TKAZDI

06.11.2025

6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi.

Davlat rahbarlari Oval xonada muzokara olib borib, O‘zbekiston–AQSH strategik sherikligini rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, tomonlar sentabr oyida Nyu-Yorkda erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishga e’tibor qaratdilar hamda “C5+1” formatida Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni ichki va tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatlari bilan tabriklab, xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishdagi hissasini alohida ta’kidladi. Tramp esa O‘zbekiston yetakchisining AQSH vakillari va yirik kompaniyalar bilan samarali uchrashuvlarini olqishladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni ilgari surish mexanizmlarini rivojlantirishni muhim deb bildilar va Prezident Mirziyoyev AQSH rahbarini O‘zbekistonga rasmiy tashrifga taklif qildi.

https://president.uz