PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEV TA’LIM TIZIMINI ISLOH QILISH MASALALARIGA OID TAQDIMOT BILAN TANISHDI
09.09.20258-sentyabr kuni davlat rahbari ta’lim sohasida amalga oshiriladigan yangi rejalar va islohotlar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Unda bolalar bog‘chasidan oliy ta’limgacha yagona milliy g‘oya konsepsiyasi ishlab chiqilgani, “Kelajak” markazlari tashkil etilishi va maktab maslahatchisi lavozimi joriy etilishi ma’lum qilindi.


Maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tarmog‘ini yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, hududlarda muhandislik va tabiiy fanlarga ixtisoslashgan maktablar ochilib, “Ilg‘or muhandislik maktabi” tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Toshkentda bir qator texnika oliygohlari tashkil etiladi.
Pedagogika yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etiladi. Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimi takomillashtirilib, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirish choralari belgilandi.


Ma’lum bo’ldiki, Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.
Yana bir yangilik o‘qituvchilikka mehr qo‘ygan yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Hozirgi kungacha bu sohada alohida davlat stipendiyasi yo‘q edi.
Shu bois, joriy o‘quv yilidan boshlab, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etilmoqda. Stipendiya bakalavriatning 3-4-kurslari uchun bo‘ladi, yoshlarni o‘qish va ilmiy izlanishlarga undaydi.
Prezident mazkur tashabbuslarni ma’qullab, ularni sifatli amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.