PREZIDENTIMIZ IJTIMOIY RIVOJLANISH BO‘YICHA IKKINCHI JAHON SAMMITIDA ISHTIROK ETDI

04.11.2025

Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning chiqishi xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortdi.

Davlat rahbari o‘z nutqida kambag‘allikka qarshi kurash, ijtimoiy tenglik, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga moslashish kabi global muammolarga kompleks yondashuvni ilgari surdi.

Prezident “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan ijtimoiy siyosat tufayli O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqarganini ta’kidladi. Bu yutuq mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish va barqaror taraqqiyotga erishish borasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy samarasini ko‘rsatadi.

Sammitda ilgari surilgan takliflar O‘zbekistonning xalqaro ijtimoiy siyosatdagi faolligini yaqqol ifodaladi. Prezident Mirziyoyev kambag‘allikka qarshi kurashning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish, Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etish, “Ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbus”ni yo‘lga qo‘yish hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni bandlik dasturlari bilan uyg‘unlashtirishni taklif etdi.

Shuningdek, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish masalasi dolzarb yo‘nalish sifatida qayd etildi. Prezidentning Orolbo‘yi mintaqasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi modelini joriy etish tashabbusi esa O‘zbekistonning ekologik barqarorlik va ijtimoiy adolatni uyg‘unlashtirish yo‘lidagi qat’iy pozitsiyasini tasdiqlaydi.

Doha sammitidagi ushbu chiqish O‘zbekistonni global miqyosda ijtimoiy barqarorlik va inson qadri ustuvor bo‘lgan yangi dunyo tartibini shakllantirishdagi muhim ishtirokchiga aylantirdi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

13 − 3 =