RAQAMLI TA’LIM VA SUN’IY INTELLEKT | REKTORLAR MULOQOTI VA TAJRIBA ALMASHUVI

13.12.2025

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Taʼlimda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha rektorlar forumi” o‘z ishini olib bormoqda.

Ta’limda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha Rektorlar forumi doirasida respublika bo‘yicha 200 dan ortiq oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari, sohaning yetakchi mutaxassislari hamda mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.

Forum mamlakat oliy ta’lim tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini kompleks joriy etish, ta’lim jarayonlari samaradorligini oshirish va raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Hilola Umarova hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning kirish so‘zlari bilan ochildi. Nutqlarda sun’iy intellektni oliy ta’lim jarayoniga joriy etish, undan samarali foydalanish va milliy modelni shakllantirish bugungi kunda strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Hilola Umarova Prezidentimiz tashabbuslari bilan oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan islohotlarning yangi bosqichida sun’iy intellekt ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, dunyoning ilg‘or universitetlarida sun’iy intellekt ta’lim samaradorligini oshirish, o‘quv jarayonini individuallashtirish, talabalarning faoliyatini tahlil qilish va akademik halollikni ta’minlashda keng qo‘llanilmoqda.

Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov esa universitetlarni sun’iy intellekt sohasida bilim, tajriba va ilmiy izlanishlar markaziga aylantirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda oliy ta’lim muassasalarida ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, ixtisoslashgan markazlar va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy grantlar sonini oshirish, yosh olimlar va talabalar uchun amaliy yechimlarga yo‘naltirilgan intellektual modellar yaratish imkoniyatlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi.