SAMDCHTIDA FRANSUZ TILI BOʻYICHA OʻTKAZILGAN PEDAGOGIK AMALIYOT “MAHORAT MAKTABI” SIFATIDA YAKUNLANDI
25.02.2025Samarqand davlat chet tillar institutining boʻlajak fransuz tili oʻqituvchilari oʻzlarining pedagogik amaliyot jarayonini muvaffaqiyatli va kasbiy mahorat sohasidagi cheksiz ta’ssurotlari ila yakunladilar. Oʻquv yilining yarmi davomida tashkil etilgan ushbu pedagogik amaliyot boʻlgʻusi fransuz tili mutaxassislarini akademik litsey, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat olib borishlari uchun har tomonlama samarali va foydali tarzda olib borilganligini alohida ta’kidlash lozim.
Institutning Roman-german tillari fakultetiga qarashli Fransuz filologiyasi kafedrasi bitiruvchilari besh oy davom etgan mas’uliyatli jarayonda nafaqat kasbiy va pedagogik mahoratlarini shakllantirdi, balki, ustozlardan olgan bilimlarini real hayotga tatbiq etish orqali oʻzlariga boʻlgan qat’iy ishonchni his qildilar.



Darhaqiqat, amaliyotchi talabalarning respublikamiz viloyatlari boʻylab fransuz tilini oʻqitish ishlarida oʻz hissalarini qoʻshganliklari maqtovga loyiq. Xususan, Fransuz filologiyasi kafedrasi professor-oʻqituvchilarining fransuz tilini oʻqitish metodikasi bo’yicha bergan saboqlari amaliyotchilar tomonidan respublikamizning Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Fargʻona, Andijon, Namangan va boshqa viloyatlarning chekka tumanlaridagi umumiy oʻrta ta’lim maktablarida samarali tarzda keng joriy etilganligi bizni quvontirdi. Binobarin, amaliyotchi talabalar tashabbusi bilan maktablarda “Fransuz tili” boʻyicha oʻtkazilgan turli tanlovlar, madaniy tadbirlar va ochiq darslarning juda katta ishtiyoq bilan tashkil etilishi hamda talabalarning kreativligi asosida ilgʻor pedagogik texnologiyalar orqali oʻquvchilarni fransuz tiliga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirishi ularning “MOHIR PEDAGOG” sifatida shakllanishiga ham amaliy, ham nazariy jihatdan yordam berdi. Boshqacha qilib aytganda, oliy ta’limdagi nazariy va amaliy bilimlar integrasiyasining amaldagi aksi namunali tarzda boʻlajak fransuz tili oʻqituvchilari misolida yaqqol namoyon boʻldi.
Pedagogik amaliyotning yakuniy hisobot jarayonida besh oylik amaliyot davomidagi jonbozligi va koʻrsatgan pedagogik mahoratlariga koʻra eng faol talabalar quyidagi nominasiyalar asosida e’tirof etildi va taqdirlandi:
1.Xorazm viloyati, Yangibozor tumani 19-maktabda amalyot oʻtagan talaba Sheribova Sarvinoz “ENG ZUKKO AMALIYOTCHI” nominatsiyasi sohibi;
2.Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani 29-IDUMda pedagogik amalyot oʻtagan talaba Turobova Noila “MOHIR PEDAGOGIK QOBILIYAT SOHIBI” nominatsiyasi sohibi;
3.Namangan viloyati, To’raqo’rg’on tumani 40-maktabda amalyot oʻtagan talaba Xujamurodova Shoxsanamxon “ENG FAOL AMALIYOTCHI” nominatsiyasi sohibi;
4.Surxandaryo viloyati, Izboshi tumani 57-IDUMda amalyot oʻtagan talaba Sherqobilova Mohinur “ENG MAHORATLI AMALIYOTCHI” nominatsiyasi sohibi;
5.Xorazm viloyati, Qo’shko’pir tumani 31-maktabda amalyot oʻtagan talaba Rajabboyeva Charosxon “ENG INTIZOMLI AMALIYOTCHI” nominatsiyasi sohibi;
6.Farg’ona viloyati, Oltariq tumani 14-maktabda amalyot oʻtagan talaba Xomidjonova Madinabonu “ENG IZLANUVCHAN AMALIYOTCHI” nominatsiyasi sohibi sifatida taqdirlandi.
Mazkur amaliyotni tashkil etishda amaliy yordam bergan respublikamizning umumiy oʻrta ta’lim maktablariga, institut rahbariyatiga, “Ofis Registrator” mas’ullariga, fakultet dekanatiga va Fransuz filologiyasi kafedrasi jamoasiga amaliyotchi talabalar va Fransuz filologiyasi kafedrasi jamoasi nomidan oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz.

SamDCHTI Fransuz filologiyasi kafedrasi dotsenti
Suvonova Nigorabonu Nizomiddinovna
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.