SHAVKAT MIRZIYOYEV O’ZBEK TILI BAYRAMI MUNOSABATI BILAN O’ZBEKISTON XALQIGA TABRIK YO’LLADI

21.10.2025

Bugun mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami keng nishonlanmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigida so‘nggi yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarni qayd etdi. Xususan, davlat tili maqomini mustahkamlash, uni zamonaviy ilm-fan va xalqaro muloqot tili darajasiga olib chiqish yo‘lida muhim qadamlar tashlanganini ta’kidladi. Shu maqsadda Atamalar komissiyasi faoliyati kuchaytirilib, sun’iy intellekt asosida ishlaydigan dasturiy ta’minotlar yaratildi.

Prezident o‘z tabrigida o‘zbek tilining qo‘llanish doirasini kengaytirish borasida bir qator muhim natijalarni sanab o‘tdi. So‘nggi yillarda 250 mingga yaqin geografik obyekt nomlari davlat tili me’yorlariga moslashtirilgan, minglab lug‘atlar, ensiklopediyalar va qo‘llanmalar chop etilib, ta’lim muassasalariga yetkazilgan. Xususan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” va “Navoiy tili lug‘ati” xorijiy universitetlar kutubxonalariga ham yuborilmoqda. Shuningdek, o‘zbek tili o‘qituvchilariga rag‘bat sifatida 50 foiz ustama joriy etildi, o‘zbek tilini bilish esa fuqarolik olish uchun zarur shart sifatida belgilandi.

Davlat rahbari 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish konsepsiyasini izchil amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, raqamli olamda o‘zbek tilidagi ilmiy-ommabop kontentni ko‘paytirish, global elektron platformalarda davlat tilini targ‘ib qilish, onlayn lug‘atlarni takomillashtirish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi. Prezident, shuningdek, yoshlarni ona tiliga mehr ruhida tarbiyalash, til madaniyatini oshirish va o‘zbek tilida milliy brendlar yaratish har bir soha vakilining burchi ekanini alohida aytib o’tdi.

https://president.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

four × 5 =