O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Siyan (Xi’an) shahridagi Siyan Politexnika universiteti (XPU)ga tashrif buyurdi.


Tashrif doirasida xalqaro ishlar bo‘yicha prorektor A. Nasirov XPU vitse-prezidenti Maa Wanqing, gumanitar-ijtimoiy fanlar maktabi dekani Chen Lixia va menedjment maktabi dekani Zhang Keying bilan samarali muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvlar davomida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi:
- Xitoy tili, xalqaro jurnalistika hamda xalqaro aloqalar yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
- O‘quv va ilmiy loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish;
- O‘zDJTU talabalari, o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarining malaka oshirishi, amaliyot o‘tashi, dissertatsiya ustida ishlashi, shuningdek, qisqa va uzoq muddatli o‘quv dasturlarida ishtirok etishi uchun grant va stipendiyalar ajratish;
- Dolzarb mavzular bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, vebinarlar va treninglarni tashkil etish hamda ularda qatnashish;
- Sun’iy intellekt va zamonaviy IT texnologiyalardan foydalanilgan ta’lim platformalarini ishlab chiqish.
Tashrif doirasida O‘zDJTU delegatsiyasi XPU kampuslari, kutubxonasi, universitet muzeyi hamda sport inshootlari bilan yaqindan tanishtirildi.

