SUN’IY INTELLEKT JURNALISTIKANI O‘ZGARTIRYAPTIMI? O‘zDJTUDA YANGI TRENDLAR MUHOKAMA QILINDI
22.10.20252025-yil 22-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Jurnalistikada yangi trendlar: sun’iy intellekt va posthumanizm” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir universitetning Xalqaro jurnalistika fakulteti Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etildi.



Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Sun’iy intellekt texnologiyalari insoniyat taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berdi. U iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda ulkan imkoniyatlar yaratmoqda. Biz bu imkoniyatdan oqilona foydalanib, sun’iy intellektni jamiyat va inson manfaatlariga xizmat qildirishimiz kerak”, degan so‘zlari bilan boshlandi. Ushbu fikr anjuman shiori sifatida e’tirof etildi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Ilhomjon Tuxtasinov kirish so‘zi bilan tadbirni ochib berdi. So‘ngra filologiya fanlari doktori, professor Klimentina Ismailova va filologiya fanlari doktori, professor Amrullo Karimovlar anjumanning ilmiy qismini olib bordilar.

Tadbirda sun’iy intellektning jurnalistik jarayonlardagi o‘rni, posthumanizm davrida axloqiy me’yorlar, turli mamlakatlar tajribasi hamda O‘zbekiston jurnalistikasining zamonaviy talablarga moslashuvi kabi masalalar muhokama qilindi. Filologiya fanlari doktori, DSc dotsent Beruniy Alimov “Jurnalistikada sun’iy intellekt davri: modellar va algoritmning moslashuvchanlik qobiliyati” mavzusida ma’ruza qildi. Qozog‘istonning Janubiy Qozog‘iston tadqiqot universiteti dotsenti Yarmuhammad Madaliyev “O‘zbek tili ta’limi jarayonida sun’iy intellektdan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari” haqida so‘z yuritdi. Rossiyaning RUDN universiteti dotsenti Natalya Poplavskaya “RUDN tajribasi: raqamli kompetensiyalarni shakllantirish — nazariyadan amaliyotga” mavzusida onlayn tarzda chiqish qildi.
Yana xorijlik mutaxassislardan Turkiya ommaviy axborot vositasi bosh muharriri Jo‘shkun Tag‘a ham so‘zga chiqib, o‘z mamlakatida jurnalistikada sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, axborot ishonchliligi bilan bog‘liq tajribalar haqida fikr bildirdi.
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Malika Axmedova “Raqamli davrda terrorizm va ekstremizmning oldini olishda ommaviy axborot vositalarining roli” mavzusida xalqaro tahliliy ma’ruza o‘qidi. Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar kafedrasi katta o‘qituvchisi A’zamjon Dadaxonov “Post-jurnalistika fenomeni: xarakterli jihatlari va taraqqiyot tendensiyalari” mavzusida chiqish qildi.
Anjumanda talaba yoshlar ham faol ishtirok etishdi. Jumaladan, xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi Xumoyun Xoshimjonov “Sun’iy intellekt — jurnalistga raqibmi yoki yordamchi?” mavzusida taqdimot qilib, masalaga yoshlar nigohidan yondashdi.



Ishtirokchilar sun’iy intellekt texnologiyalarining jurnalistikani tubdan o‘zgartirayotganini, u yangi imkoniyatlar bilan bir qatorda yangi mas’uliyatlarni ham yuzaga chiqarganini ta’kidladilar. Tadbir yakunida O‘zDJTU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Otabek Yusupov anjumanning O‘zbekiston jurnalistikasining raqamli davrga moslashuvchanligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etganini qayd etdi.
Konferensiya yakunida faol ishtirokchilar O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti nomidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.




Murodjon MAHMUDOV,
O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika talabasi

No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.