SUN’IY INTELLEKT VA TARJIMA: O’ZBEKISTONLIK MUTAXASSISLAR BANASTALI VIDYAPITH UNIVERSITETIDA

18.11.2025

Hindistonning Banastali Vidyapith universitetida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) Tarjimonlik fakulteti dekani, professor U.R. Yo‘ldoshev hamda “Ingliz tili amaliy tarjima” kafedrasi dotsenti A.N. Ahmedova tomonidan tilshunoslik va tarjima sohasidagi zamonaviy yondashuvlar haqida ma’ruzalar o‘qildi. Tadbir Tillar fakulteti bakalavr va magistr talabalari uchun tashkil etildi.

Professor U.R. Yo‘ldoshev “The effective strategies of using Artificial Intelligence in translating different types of texts” (Turli xil matnlarni tarjima qilishda sun’iy intellektni samarali ishlatish strategiyalari) mavzusida chiqish qildi. Shuningdek, dotsent A.N. Ahmedova “Artificial Intelligence in Translation Pedagogy: A Critical, Evidence-Based Perspective” (Tarjima ta’limida sun’iy intellekt: Tanqidiy va dalillarga asoslangan nuqtai nazar) mavzusida ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Ma’ruzalar davomida talabalarga O‘zbekistonning boy madaniyati, adabiyoti, ta’lim tizimi va O‘zDJTUning tarjima sohasidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbir savol-javoblar bilan davom etib, Banastali Vidyapith universiteti talabalari O‘zbekistonga tashrif buyurish, o‘zbek madaniyati bilan yaqindan tanishish va O‘zDJTUda ta’lim olish istagini bildirdilar.

Banastali Vidyapith universiteti THE IMPACT RANKINGS 2025 reytingida gender tengligi yo‘nalishi bo‘yicha dunyoda 35-o‘rinni egalladi, bu universitetning jahon ta’limidagi ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.