O‘ZBEKISTON – XITOY: TA’LIM, FAN VA TEXNOLOGIYALAR SOHASIDA INNOVATSION HAMKORLIK
04.06.2025Tarixiy Samarqand shahrida o‘tgan O‘zbekiston – Xitoy “Ta’lim, fan va texnologiyalar sohasida innovatsion hamkorlik” forumining ikkinchi kunida “Xitoy tilini xalqaro miqyosda o‘qitishda sifatli rivojlanish” mavzusiga bag‘ishlangan sessiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov, Shensi va Tsinxay viloyatlarining ta’lim departamentlari rahbarlari, O‘zbekiston va Xitoyning 20 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari va ta’lim siyosatini shakllantiruvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.



Unda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov tomonidan “O‘zbekistonda xitoy tilini o‘qitish istiqbollari: O‘zDJTU misolida” mavzusida ma’ruza qilindi. Rektor o‘z chiqishida universitetda joriy etilgan zamonaviy ta’lim yondashuvlari, xitoy tilini o‘qitish bo‘yicha ilg‘or tajribalar, xalqaro hamkorlik asosida amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqbolli rejalar haqida ma’lumot berdi.



Sessiyada xitoy tilini o‘qitish sifatini oshirish, zamonaviy xitoyshunos mutaxassislar tayyorlash, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va ilmiy hamkorlikni chuqurlashtirishga doir O‘zDJTU tomonidan qator takliflar ilgari surildi. Bu yo‘nalishlarda aniq rejalar belgilab olindi.
Professor Ilxomjon Madaminovich Tuxtasinov ta’kidladi:
“Bugungi kunda bizning asosiy vazifamiz – xorijiy tillarni yuqori sifatda o‘qitish. Xitoy bilan hamkorlik, ayniqsa xitoy tili va madaniyatini o‘rgatish borasidagi tashabbuslar bizning strategik yo‘nalishlarimizdan biridir. Biz bu yo‘nalishda amaliy natijalar sari qat’iy intilmoqdamiz.”

Mazkur sessiya doirasida yangi shartnomalar imzolandi, bu esa O‘zDJTU va xitoylik hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydi. Universitet esa xalqaro ta’lim makonida innovatsion va ko‘p tilli yondashuvni ilgari surishda yetakchi platforma sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashda davom etmoqda.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.