“XORIJIY TILLARNI O‘QITISH BO‘YICHA ENG YAXSHI MAKTAB” TANLOVINI O‘TKAZISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOM TASDIQLANDI

10.09.2021


O’zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Tanlov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan har yili ingliz, nemis, fransuz tillari o‘qitiladigan maktablar o‘rtasida o‘tkaziladi.

Tanlovning respublika bosqichida ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), gapirish (speaking) va o‘qish (reading) ko‘nikmalari chet tilini bilishning xalqaro sertifikatsiyalangan standartlari asosida sinovdan o‘tkaziladi hamda tegishli til ona tili sifatida foydalaniladigan mamlakatlar haqidagi bilimi tekshiriladi.

Nazorat materiallarini ishlab chiqishda malakali mutaxassislar, xorijiy ekspertlar jalb qilinadi hamda ularning mehnatiga haq to‘lash tegishliligi bo‘yicha Agentlik yoki Vazirlik tomonidan tuzilgan shartnomalarga asosan amalga oshiriladi.