«MARKAZIY OSIYO + YAPONIYA» BIRINCHI SAMMITI BO’LIB OTDI
20.12.2025Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammiti Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishda muhim tarixiy bosqich bo‘ldi. Sammit Yaponiya Bosh vaziri Takaichi xonim raisligida yuksak darajada tashkil etildi.

Tadbirda Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi aloqalar Buyuk Ipak yo‘li davriga borib taqalishi, xalqlarimizni yaqinlashtiruvchi o‘xshash an’ana, qadriyat va mentalitetlar mustahkam hamkorlik uchun ishonchli asos ekani ta’kidlandi. Yaponiya mustaqillik yillaridan buyon mintaqaning ishonchli hamkori sifatida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, infratuzilma, sanoat, energetika, fan va ta’lim sohalariga katta hissa qo‘shib kelayotgani alohida e’tirof etildi.
Sammit doirasida Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi hamda “Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” formatida hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, sammitlarni har ikki yilda davlat rahbarlari darajasida o‘tkazish, “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” uzoq muddatli hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish, Ekspertlar forumini tashkil etish taklif qilindi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, “Sifatli infratuzilma” dasturini ishga tushirish, texnoparklar tarmog‘ini yaratish, raqamli transformatsiya, transport-logistika, “yashil” energetika, ekologiya va seysmik xavfsizlik yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish muhim ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Ta’lim, ilm-fan, yoshlar almashinuvi, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasida birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Sammit ishtirokchilari ilgari surilgan tashabbuslarning amaliy amalga oshirilishi Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdilar.
