“ZAMONAVIY FILOLOGIYANING DOLZARB MASALALARI”: PROFESSOR ABDUG‘AFUR MAMATOV TAVALLUDINING 70 YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA
19.12.20252025-yil 2-dekabr kuni Jizzax davlat pedagogika universitetida “Zamonaviy filologiyaning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjuman Jizzax davlat pedagogika universiteti Ingliz tili nazariyasi va metodikasi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Mamatov Abdug‘ofur Eshonqulovichning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlandi.

Konferensiya moderatori, dotsent N. Bo‘rieva konferensiyaning maqsad va vazifalari, shuningdek, uning ilmiy hamda nazariy ahamiyati haqida ingliz, rus va o‘zbek tillarida mehmonlarga ma’lumot berdi. Shuningdek, Ingliz tili nazariyasi va metodikasi kafedrasi professori, Mamatov Abdug‘ofur Eshonqulovichning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videotaqdimot namoyish etildi.
A. Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Yuldashev Maqsudjon Abdullayevich anjuman ishtirokchilarini tabriklab, Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoevning tabrigini o‘qib eshittirdi. U o‘z so‘zida zamonaviy filologiya oldida turgan muhim vazifalar hamda ularning yechimini ta’minlashda filolog olimlar zimmasiga yuklatilgan mas’uliyat haqida fikr yuritdi va anjuman ishtirokchilarining faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, shu kunlarda o‘zining yetmish yillik yubileyini nishonlayotgan taniqli tilshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Abdug‘afur Mamatovning ijodiy va ilmiy faoliyati haqida atroflicha ma’ruza qildi. Darhaqiqat, tilshunoslik fanining umumiy tilshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik, qiyosiy tilshunoslik hamda turli tizimli tillarni o‘qitish metodikasi yo‘nalishlari rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan mohir pedagog, professor Abdug‘afur Mamatov Samarqand davlat universitetining xorijiy filologiya fakultetini tamomlab, yo‘llanma asosida Jizzax davlat pedagogika institutiga ishga kelgan va hozirgi kungacha o‘zining pedagogik hamda ilmiy faoliyatini izchil davom ettirib, ilm yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilib kelmoqda. Ustozning hayot yo‘li, ilm-fanga bo‘lgan fidoyiligi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar sohasidagi jonbozligi professor-o‘qituvchilar, pedagoglar hamda yosh avlod uchun chinakam ibrat maktabidir. Ustoz tomonidan yaratilgan bir necha o‘quv qo‘llanma, darslik, monografiya hamda 200 dan ortiq ilmiy-metodik maqolalar, jumladan, 50 dan ortiq ilmiy ishlarning xorijiy nufuzli jurnallarda e’lon qilingani ustozning tinimsiz va zahmatli mehnati samarasi ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Ustoz o‘zining 70 yillik mazmunli hayoti davomida Vatanimiz va xalqimiz manfaatlari yo‘lida samarali mehnat qilib, ilm-fan sohasida sermahsul ijod qildi hamda ta’lim taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Ushbu fidokorona mehnatlari uchun ustozga kelgusida ham ulkan muvaffaqiyatlar, doimo navqironlik, uzoq umr, mustahkam sihat-salomatlik va yangi yutuqlar tilaymiz.
Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori, professor Muxamedov G‘ofurjon Isroilovich professor A. E. Mamatovning viloyat ta’lim tizimi rivojiga qo‘shgan hissasini yuksak mehnatsevarlik va mas’uliyat timsoli sifatida alohida e’tirof etdi.
Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Mirzayev Ibodulla Kamolovich “Языковая личность: теоретические основы, определения и методы исследования (на материале узбекского языка)” mavzusida ma’ruza qildi.
Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Karimov Suyun Amirovich “Olimlik va arboblik martabasi” mavzusida ma’ruza qilib, professor Abdug‘afur Mamatovning ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga qaratgan alohida e’tiborini ta’kidladi. Uning ilmiy rahbarligida ko‘plab magistrantlar, fan nomzodlari hamda fan doktorlari yetishib chiqdi.
Shuningdek, olim xorijiy tillarning nazariy masalalari hamda xorijiy tillarni o‘qitishni innovatsion pedagogik texnologiyalar asosida takomillashtirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan respublika va xalqaro ilmiy anjumanlarning faol tashkilotchisi va ishtirokchisi bo‘lib kelmoqda. U o‘z ilmiy ishlarida mustaqillikdan keyingi davrda milliy tilga milliy qadriyat sifatida yondashish, uning imkoniyatlarini namoyon etishga qaratilgan yangicha yondashuvlar shakllanganini qayd etadi.
Shuningdek, mustaqillikka erishilgach, milliy tilimizni rivojlantirish bilan bog‘liq vazifalarga alohida e’tibor qaratilgani, milliy tilning ta’lim tizimining barcha jabhalarida namoyon bo‘lishi uchun mustahkam zamin yaratilganini mamnuniyat bilan e’tirof etib, O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘qitishni takomillashtirish ishiga munosib hissa qo‘shib kelayotganini alohida ta’kidladi.
Farg‘ona davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Mo‘minov Siddiqjon Mirsobirovich “Ilmdagi yelkadoshlarim” mavzusida ma’ruza qilib, filologiya fanining muhim masalalari haqida atroflicha fikr yuritdi.
O‘zbekiston Milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori Qulmamatov Dusmamat Sattarovichning “Лингвотекстологическое исследование двуязычных бухарских челобитных и их русских переводов XVII века” nomli ma’ruzasi konferensiya qatnashchilari hamda xorijiy mehmonlarda qizg‘in qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, u mehnat, ilm va ustozlik professor A. E. Mamatov hayot yo‘lining yorqin namunasi ekanligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, quyidagi olimlar o‘z ma’ruzalari bilan konferensiyada ishtirok etdilar:
— O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, filologiya fanlari doktori Yoqubov Jamoliddin Abduvaliyevich — “Tarjima san’atining o‘ziga xos muammolari va xususiyatlari” mavzusida;
— Jizzax davlat pedagogika universiteti professori, falsafa fanlari doktori Ochilova Baxti Murodovna — “Историческая идентичность — фактор культурной безопасности” mavzusida;
— Buxoro davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Jurayeva Bibish Muhsinovna — “‘Devonu lug‘otit turk’ asaridagi maqollarning zamon nuqtayi nazaridan qiyosiy tahlili” mavzusida;
— Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Pardayev Azamat Baxranovich — “Matnning pragmatik strukturasini shakllantirishga xizmat qiluvchi so‘zlar haqida” ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Xorijiy hamkor universitetlar olimlarining video tabriklarida zamonaviy filologiyada madaniyatlararo istiqbollar hamda professor A. Mamatovning ilmiy yo‘li to‘g‘risida fikrlar bildirildi.
Anjumanda filologiya fanlari doktori, professor Abdug‘afur Mamatovning ilmiy, uslubiy va ijodiy faoliyati, hayoti va ijodining asosiy sanalari, shuningdek asarlarining mazmuni hamda ahamiyati haqida atroflicha fikrlar bayon etildi.
Shuningdek, anjumanda professor Abdug‘afur Mamatov haqida uning ustozlari, do‘stlari, hamkasblari va shogirdlari o‘zlarining samimiy dil so‘zlarini izhor etdilar.
Anjuman ishi o‘nta sho‘bada davom ettirildi.
Anjuman yakunida ilgari surilgan ilmiy g‘oyalar va takliflar zamonaviy filologiyani rivojlantirish, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Konferensiya ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar kelgusida ilmiy izlanishlar va amaliy faoliyat uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qulmamatov Do‘smamat Sattarovich,
filologiya fanlari doktori, professor
