Ayol bu – ona, ayol bu – opa, ayol bu – singil, ayol bu – sevikli dildor! Ayol bu dunyoning davomchisidir! Dunyo yaralib shuncha zamonlar o‘tdiki, biz xali ham bu buyuk zotni to‘lig‘icha tasvirlay olmaymiz, tasvirlab berolmaymiz. Sababiki, uning bardoshiga tog‘lar tiz cho‘kkan, sabridan gullar unmoqda. Bu mo‘jiza deb o‘ylab qoldingizmi? Ha, mendan mo‘jiza nima deb so‘rashsalar, bu onalarimiz deb javob berardim.. . Shunday o‘ylar xayolimda mavjlanar ekan, gohi bir savolning javobini izlab qolaman: Biz ayollarning qadriga chin ma’noda yeta olyapmizmi?
Mustaqillik yillarimizdan buyon ayolga nisbatan hurmat, e’tiborning yangicha ma’no-mazmun bilan boyiganligi hammani quvontiradi. Bugun Vatanimizda ayollar erkaklar bilan teng huquqlarga ega. Qaysi sohaga qaramaylik, ayollar ilg‘or, ayollar tashabbuskor. Ular xatto harbiy sohani ham puxta egallashmoqda. Yurtimizning jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini topishida ularning ham mislsiz xizmatlari bor, albatta! Xalqimizda ayolini e’zozlagan millatning kelajagi porloq, onasini e’zozlagan farzandning tolei baland bo‘ladi degan jumla bekorga ishlatilmaydi. Bu ayollarga bo‘lgan hurmat va ishonch namunasidir. Negaki, dunyoni aqli-yu zakosi bilan qo‘lga kiritgan dahoyu, jahongirlar ham oqila onalar, go‘zal xulqli ayollar bag‘rida o‘sib kamolga yetganlar. Shuning uchun biz doim ularga ta’zimdamiz. Biroq achinarlisi shundaki, ba’zan bo‘lsa-da xotin-qizlarimizga nisbatan tazyiqlar uchrab turibdi.
Tabobat otasi Ibn Sinoning shunday fikrlari bor: “Kasalni davolashdan uning oldini olish yaxshiroq”. Bu fikr nafaqat tabobatda, balki majoziy ma’noda hayotda ham qimmatlidir. 2020 yil 10 dekabrda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetida «Xotin-qizlarni taziyq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tarafdorimiz» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Uchtepa tuman hokimi o‘rinbosari D.Egamova gender tenglik tushunchasi va 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-562 sonli qonunni mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi.
So‘ngra tuman IIB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor, katta serjant G. X. Xodjaeva «Xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari va ulardan himoyalanish» mavzusida ma’ruza qilib, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida olib borilayotgan davlat siyosati hamda himoya orderi haqida keng qamrovli ma’lumot berdi.
Mazkur qonun bilan zo‘ravonlik, jinsiy, jismoniy, iqtisodiy, ruhiy zo‘ravonliklar, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, tazyiqlar va zo‘ravonlikning oldini olish, muhofaza orderi kabi tushunchalarga aniqlik kiritildi va ularning mazmun-mohiyati ochib berildi.
Ayol – tabiatning nozik xilqati. Haqiqatan, xotin-qizlar e’tibor va himoyaga doim ehtiyoj sezadi. Ammo hayot doim bir tekisda davom etavermaydi. Ayrim hollarda xotin-qizlar turli zo‘ravonliklarga ham duch keladi. Albatta, bunday hollarda ularning huquqlari umumiy huquqiy mezonlarga muvofiq himoya qilib kelingan.
Hayotiy misollar asosida olingan ta’sirchan videoroliklarni tahlil qilib berdilar. Qadimiy urf-odat va an’analarimizdan kelib chiqqan holda bugungi zamonaviy ayollarning qaysi jihatlariga e’tibor qaratishi kerakligini aytib o‘tdilar.
Xotin-qizlar manfaatlarini, huquq va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, qizlar tarbiyasi, oiladagi sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashda ayol ma’naviyatining o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalirini bildirdi. So‘ngra, tuman psixologi N.Ismoilova «Xotin-qizlar va erkaklarning oila va jamiyatdagi ijtimoiy o‘rni» mavzusida haqida gapirib, psixologik treninglar tashkil etdi.
Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan holatlarda qaysi qonunga murojaat etishlarini aytdilar. Bundan tashqari qizlarni qiziqtirgan savollariga javob berib,ayol tarbiyasida umr davomida yig‘ilgan xulosalarini bo‘lishishdi.
Qabul qilingan qonun hamda davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar jamiyatda, turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalarida va boshqa joylarda xotin-qizlarga bo‘lgan hurmatni oshirish, tazyiq va zo‘ravonlik hollarining oldini olishga xizmat qiladi.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.