BELGIYADA «O‘ZBEK TILINING IZOHLI LUG‘ATI» KITOBI TAQDIMOTI O‘TKAZILDI

21.09.2020

O‘zbekistonning Belgiya Qirolligidagi elchixonasida bir guruh vatandoshlar ishtirokida «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobi taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Benilyuks mamlakatlari va Daniyada yashaydigan hamda turli xalqaro tashkilotlar, xususiy kompaniyalarda ishlaydigan yoki oliy o‘quv yurtlarida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan hamyurtlar, talabalar ishtirok etdi.

Taqdimotda «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining bir guruh olimlari tomonidan tayyorlangani, mazkur lug‘atni yaratish bo‘yicha olib borilgan izlanishlar haqida ma’lumot berildi. Xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tilining maqomini yuksaltirishda ushbu lug‘at muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Vakolatxona rahbari Dilyor Hakimov O‘zbekiston Respublikasining Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi tomonidan konsullik okrugidagi davlatlarda yashaydigan o‘zbeklar va o‘zbek tili ixlosmandlari orasida o‘zbek tili, tarixi va madaniyatini o‘rgatishga, uning milliy va xalqaro maqomini mustahkamlashga katta e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.

Taqdimot yakunida besh jilddan iborat «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» Antverpen (Belgiya) universiteti olimlari, shuningdek, vatandoshlar Abdurauf Jo‘raxolov, Umidjon Halilov va Maqsud Yusupovlarga topshirildi.

Tadbir ishtirokchilari taqdim etilgan «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobi uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu nashr Antverpen universitetida hamda Belgiyaning boshqa ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish bildirgan talabalarga o‘zbek tili so‘zlari ma’nolarini tushunishda katta yordam berishi alohida e’tirof etildi.

Uchrashuvda vatandoshlar ular farzandlari mahalliy maktablarda ta’lim olayotgani bois o‘z ona tili, tarixi, madaniyatini o‘rganishga ehtiyoj sezayotganini bildirdi. Shu maqsadda Belgiyaning Bryussel, Antverpen yoki Gent kabi yirik shaharlarida o‘zbek tili, tarixi va madaniyatini o‘qitish markazini ochish taklif qilindi.

Uchrashuv yakunida Belgiyadagi vatandoshlar 21 oktyabr – O‘zbek tili bayramini tantanali o‘tkazishga chaqirildi.

Diplomatik vakolatxona konsullik okrugidagi davlatlarda o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish, milliy va xalqaro maqomini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda.

Jumladan, Benilyuks mamlakatlari (Belgiya 21 oktyabr, Niderlandiya 20 oktyabr) va Daniyada (17 oktyabr) yashaydigan vatandoshlar hamda xorijliklar ishtirokida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayramini tantanali o‘tkazish rejalashtirilgan.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

seventeen − thirteen =