BIRINCHI O‘ZBEKISTON-ITALIYA TA’LIM FORUMI BO’LIB O’TMOQDA

24.09.2024

Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Dastavval, forumiga tashrif buyurgan mehmonlar uchun universitet bo‘ylab tur tashkil etildi. Mehmonlarga universitetning 130 mingdan ortiq adabiyotga ega Axborot-resurs markazi, kimyo laboratoriyalari, sport kompleksi, ma’ruza zallari, Mexatronika markazi faoliyati tanishtirildi.

Shu kuni Birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi doirasida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti huzurida “Italiya-O‘zbekiston ilg‘or muhandislik markazi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu markaz Italiyadagi ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni uzluksiz joriy etish orqali O‘zbekistonda mashinasozlik, to‘qimachilik, mashinasozlik, charmsozlik sohalarida ishlab chiqarish maydonlarini kengaytirish, o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish, tajriba loyihalari, ixtisoslashtirilgan ma’lumotlarni tarqatish, ikki davlatlarning xususiy sektorini jalb qilgan holda ko‘zda tutilgan tarmoqlarda Italiya-O‘zbekiston sarmoyalari va qo‘shma korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun infratuzilma va shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Markaz mamlakatimizdagi tekstil, charmsanoat va mashinasozlik yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yurituvchi korxonalarning muammolarini o‘rganadi va ularga yechim topishda amaliy ko‘maklashadi. Shuningdek, markaz yordamida yuqori malakaIi kadrlar tayyorlab boriladi. 

Shuni ta’kidlash joizki, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov va Italiya Universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Maria Bernini boshchiligida o‘tkazilayotgan forum ishida Italiyaning Universitetlar va tadqiqotlar vazirligi hamda uning huzuridagi 25 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi, shuningdek, mamlakatimizning 40 dan ortiq yetakchi oliygohlari rektorlari ishtirok etmoqda.

Tadbirni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘z nutqi bilan ochib berdi:

Hurmatli Anna Mariya Bernini xonim, hurmatli rektorlar, bugungi forum doirasida O‘zbekiston-Italiya muhandislik maktabini tashkil etilganining guvohi bo‘ldik. Ushbu maktab – mashinasozlik, mexatronika, to‘qimachilik, charm sanoati kabi sohalarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda Italiyaning ilg‘or tajribasini joriy etishda katta ahamiyatga ega. Mazkur forum davomida 30 dan ortiq yangi hamkorlik shartnomalari imzolanishi, mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stona aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Italiya universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini, o’z navbatida shunday deya ta’kidladi:

– Barcha forum ishtirokchilarini qutlab, bugun sizlar bilan birga ekanligimdan xursandman.

– Ushbu forum yangi imkoniyatlarni o‘rganish va o‘zaro manfaatli madaniyatlarni rivojlantirish uchun noyob platforma vazifasini bajarmoqda. Bu, shuningdek, innovatsiyalar sari umumiy yo‘limizni qo‘llab-quvvatlab, yanada yaqinroq hamkorlikka yo‘l ochadi. Umid qilamanki, ushbu forum Italiya va O‘zbekiston universitetlari o‘rtasidagi yangi hamkorlikka asos soladi. Bugun biz imzolaydigan shartnomalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Vazir Q.Sharipov yuqorida ta’kidlaganidek, mamlakatlarimiz o‘rtasida chuqur tarixiy rishtalar mavjud. Bugun biz akademik mobillik, innovatsiyalar va tadbirkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha ilg‘or tajriba va strategiyalarni almashish kabi muhim mavzularni muhokama qilish imkoniga egamiz. Ushbu forumga hissa qo‘shgan, Italiya hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida tinimsiz mehnat qilgan barchaga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Barchamizga Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik va almashinuvning yangi davrini boshlab beradigan samarali forum bo‘lishini tilayman.

Shu kuni Birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi doirasida Oʻzbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Italiya Universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Maria Bernini o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini rivojlantirish orqali ularning tajribasini yanada oshirish, hamkorlikda yangi ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, kelgusida ikki mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, muhandislik sohalari uchun zarur malakali kadrlar tayyorlashga alohida urg‘u berildi hamda bu borada amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat oliy ta’lim sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Italiya Universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Maria Bernini “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

https://gov.uz/oz/edu

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

nineteen + three =