BOLAGA — MODUL, OLIMGA — TEXNOPARK

16.07.2019

Turkiya maktablarida o‘quvchilarni fanlarga qiziqtirish, dunyoqarashini kengaytirish va mustaqil izlanishga undash maqsadida maxsus modul joriy qilingan. U bobokalonimiz, dunyoga mashhur qomusiy alloma Muhammad Xorazmiy nomi bilan ataladi.

Al-Xorazmiy modulining o‘ziga xoslik­lari, qolaversa, turklarning innovatsiyalarga munosabati xususida qardosh yurtda xizmat safari bilan bo‘lib qaytgan O‘zbekis­ton Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Davlat va jamiyat qurilishiga innovatsiyalarni joriy qilish hamda tadqiq etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari ­Kamol ­Tagayev so‘zlab berdi.

— Ikki yil avval Turkiyaning Maorif vazirligi yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik bilan kurashish maqsadida al-Xorazmiy modulini ishlab chiqqandi, — deydi suhbatdoshimiz. — Hozir mazkur tajriba barcha maktablarda tatbiq etilmoqda. U bolalarni aniq fanlar va ijtimoiy sohalarga qiziqtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Al-Xorazmiy moduli fakultativ ta’limga kirmaydi. Shunga qaramay, unda ishtirok etish ixtiyoriy. Bolalar ustozlari ko‘magida zamonamizning eng dolzarb ijtimoiy masalalari yoki global muammolarni o‘rtaga tashlab, orasidan bittasini tanlaydi. Keyin hafta mobaynida shu mavzu obdon o‘rganiladi va yechim izlanadi. E’tiborlisi, o‘qituvchi mavzuga turli tomondan va mutlaqo individual tarzda yondashishga haqli.
Aytaylik, atrof-muhit ifloslanishi muammosi o‘rganilmoqda. Kimdir shu haqda she’r yodlaydi, boshqa birov xaritalar asosida ekologiyaning kechagi va bugungi holatini solishtirma tahlil qiladi. Uchinchi odam o‘zi kabi ko‘ngilli yoshlarni to‘plab, ko‘chalarni chiqindilardan tozalash bo‘yicha aksiya-marafon tashkil qilishi mumkin. Haftaning oxirida har kim qilgan ishining taqdimotini o‘tkazadi, xulosa va takliflarini beradi.
Men bir narsadan hayratlandim: al-Xorazmiy modulida yosh bo‘yicha cheklovlar yo‘q. Bolalar topshiriqlarni bajonidil bajaradi. Ushbu jarayonga ota-otalar ham faol jalb qilingan. Farzandi yaxshi bilim olishi, yangiliklarni o‘rganishidan ular nihoyatda manfaatdor. Shu bois e’tiborini ayamay, birgalikda ishlashga, yordam berishga harakat qiladi. O‘qituvchilardagi ishtiyoqni ayt­maysizmi. E’tiborlisi, bunday mashg‘ulotlar pedagogning haftalik dars yuklamasiga kiritilgan. Demak, ortiqcha vaqt va energiya sarflash talab qilinmaydi. Bejiz emaski, Turkiyada ko‘pgina pedagoglar modul asosida ishlashga ishtiyoqmand.

Bunday tajribani yurtimiz maktablarida ham qo‘llash ayni muddao. Sababi bola qanchalik ko‘p izlansa, bilimi shunchalik takomillashadi. Qolaversa, al-Xorazmiy moduli o‘quvchilarning nutq madaniyatini o‘stirish, ijtimoiy faolligini oshirishda yordam beradi, jamiyatni qiynayotgan turli masalalar yechimiga munosib hissa qo‘shishga undaydi.
— Istanbuldagi Yildiz texnika universitetining texnoparkida ham bo‘ldik, — davom etadi mutaxassis. — Bu maskanda tadqiqotchi va tadbirkorlar o‘rtasida uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirkor o‘z muammosi bilan universitetga murojaat qiladi. Olimlar unga maqbul yechim, ya’ni ilmiy g‘oya taqdim etadi. Ma’qul topilganiga mablag‘ ajratiladi va shu yerning o‘zida loyiha takomiliga yetkaziladi. Texnoparkda bemalol o‘tirib ishlashga sharoit bor. Xonalar ijaraga beriladi. Ayni vaqtda olimlar 200 dan ortiq (!) ilmiy ishlanmani ro‘yobga chiqarish bilan band.
Muayyan mahsulot seriyali ishlab chiqarilishdan avval universitetga qarashli konstuktorlik sexida yasab ko‘riladi va sinovdan o‘tkaziladi. Agar tadbirkor kichikroq korxona qurmoqchi bo‘lsa ham muammo yo‘q — texnopark hududidan yer olishi mumkin. Bunday tizim ham ilm-fan, ham biznes vakillarini innovatsion faoliyatga ohanrabodek tortadi. Turkiyada meni qoyil qoldirgan jihat shuki, olimlar investorlarni emas, aksincha, tadbirkorlar novatorlarni izlab yuradi, ularga ishonadi va mehnatini qadrlaydi.

Yildiz texnika universitetining texnoparki tashqaridan keluvchi tadqiqotchilar uchun ham ochiq. Istanbulda 50 ga yaqin oliy o‘quv yurti joylashgan. Deyarli barchasida innovatsiya markazlari faoliyat ko‘rsatadi. Shahar miqyosida tashkil qilinganlari ham bor. Ular davlat hisobidan moliyalashtiriladi. Masalan, Xo‘jaeli shahridagi innovatsiya markazining yillik byudjeti 300 ming AQSh dollariga teng. Muassasa 4 ming 500 kvadrat metr hududni egallagan. Bu yerda ilm-fanning turli sohalari, shu jumladan, islom dunyosidagi buyuk allomalar faoliyatiga bag‘ishlangan 280 dan ortiq ko‘rgazmali burchak, qolaversa, zamonaviy laboratoriyalar, robototexnika xonalari, til o‘qitish markazi, kutubxona, anjumanlar zali mavjud. Maktab o‘quvchilari va ularning ota-­onalari, talabalar uchun muntazam ravishda ekskursiyalar tashkil qilinadi. Bir oyda innovatsiyalar bilan tanishish istagida markazga 25 ming nafargacha kishi kelar ekan. Talabgorlar ko‘pligidan oldindan onlayn ro‘yxatdan o‘tish kerak.
Innovatsiya markazlari Turkiyaning 40 dan ortiq hududida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning asosiy missiyasi aholi, ayniqsa, yoshlarga innovatsiya nimaligini anglatishdan iborat. Bolalar bunday mas­kanlarga kelib fizika, matematika kabi fanlar qanchalik qiziqarli va kerakli ekanini tushunib yetadi, ilmiy salohiyatini yuksaltiradi. Xo‘jaelida ba’zi maktab o‘quvchilari bilan suhbatlashdim. Ularning fikrlari teran, nimani xohlashini aniq ayta oladi. Orasida olim bo‘lishni istayotganlari talaygina.

Fikrimcha, innovatsiya markazlarini bizda ham ko‘paytirish zarur. Yurtimizda innovatsion ekotizimni shakllantirish, yoshlarni startap loyihalar yaratishga undash borasida ko‘p ishlar qilinmoqda. Xususan, vazirligimiz nazorati ostida davlat-xususiy sheriklik asosida hududlarda innovatsiya markazlari tashkil qilinyapti. Lekin bu kam. Innovatsiya markazlari, texnoparklar universitetlar qoshida ham ochilgani ma’qul. Shunda ixtisoslashuv paydo bo‘ladi. Olim u yoki bu ishlanmasi bilan qayerga borish va kimga murojaat qilish kerakligini aniq biladi.

Manba: yoshlarovozi.uz saytidan olindi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

15 + thirteen =