BU YIL ABITURIYENTLARNI QANDAY YANGILIKLAR KUTMOQDA?

02.07.2019

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi mutasaddilari 2019/2020 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni haqida jurnalistlarga ma’lumot berdi.

Aytilishicha, bu yilgi test topshiriqlarini shakllantirish uchun umumta’lim fanlari bo‘yicha 140 nafardan ortiq ekspertlar guruhi tuzilgan. Ular 180 mingdan ortiq test topshiriqlarini shakllantiradi. Test topshiriqlarining o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillaridagi bir xilligi ta’minlanadi.

Joriy yilda namunaviy test topshiriqlari 1500 dan ortiq abituriyent ishtirokida aprobatsiyadan o‘tkazildi, ishonchliligi, murakkablik darajasining to‘g‘ri tanlanganligi o‘rganildi, 74 mingdan ortiq test topshirig‘i statistik tahlil qilindi. Xato-kamchiliklar tuzatildi, ayrimlariga o‘zgartirishlar kiritildi.

DTM mutaxassislari bu yilgi test topshiriqlari bazasini shakllantirishda Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Yaponiya kabi mamlakatlar tajribalari o‘rganilganini aytdi. Yangilik sifatida test topshiriqlarida grafik, yozuvsiz karta, rasmlar qo‘llanilayotgani qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, faoliyatning ochiqligini ta’minlash maqsadida yangi o‘quv yilidan boshlab Davlat test markazida mavjud test topshiriqlari bazasini jamoatchilik uchun ochib qo‘yish rejalashtirilmoqda. 

Bugungi kunda test sinovlarini o‘tkazish uchun mamlakat bo‘yicha 69 bino tanlangan. Ularning eng kattasi 1710, eng kichigi 240 o‘rinlidir. Bu binolarda bir kunda 2 ta smenada 1 ming 277 ta guruhda jami 38 ming 310 abituriyent test topshirishi mo‘ljallangan. Test sinovlarining adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida bir kunda 2 ming 554 nafar nazoratchi jalb etilishi belgilangan.

– Bu yil abituriyentlardan olingan barmoq izi orqali test sinovlariga boshqalarning kirishi kabi qonun buzilishlarga barham beriladi. Natijada o‘z bilimiga ishonib imtihon topshirayotgan yoshlarning imkoniyati yanada kengayadi, – dedi Davlat test markazi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Qahramon Haqberdiyev.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda binolar uchun 1 ming 155 tadan ortiq videokuzatuv kameralari, 120 dona mobil aloqalarini to‘suvchi qurilma, barmoq izi asosida tanish vositalari tayyorlanmoqda.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

three × four =